«Obod qishloq» dasturi doirasida ishlar avjida
Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanida «Obod qishloq» Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar tufayli mahallalarda o‘zgacha qiyofa kasb etmoqda.
Bunyodkorliklar, istiqbolli o‘zgarishlar, yangilanishlar orqali odamlarning hayotga bo‘lgan qiziqishi ortayotgani, munosabati o‘zgarayotgani, bir so‘z bilan aytganda oilasi bilan baxt-saodat tuyg‘usini chuqurroq his qilayotganini ko‘rish mumkin.
Joriy yilda dastur doirasida tumanda “Uyg‘ur” hamda “Ko‘nazey” mahallalari obod qishloqqa aylantirilishi, obod mahalla qiyofasiga kirishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ayni kunlarda ushbu hududlarda ish qizg‘in. Aholi bilan uchrashilib, ko‘pgina muammolarga barham berilayotgani aholining ham ishtiyoqini oshirmoqda. Mahalla ahli ham usta va muhandislarga qo‘llaridan kelganicha ko‘makdosh bo‘lmoqda.
Ayni damda mahallalarda nosoz o‘rnatilgan tayanch ustunlari mustahkam holatga keltirilib, elektr bilan bog‘liq muammolar joyida bartaraf etilmoqda. Yo‘llarni ta’mirlash, aloqa, gaz, ichimlik suvi ta’minotlarini yaxshilash bo‘yicha ham tizimli ishlar olib borilmoqda.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA