OAV: Toshiba ikki kompaniyaga bo‘linmoqda
Yaponiyaning Toshiba elektrotexnikalar korporatsiyasi avval xabar qilinganidek, uchga emas, aksincha ikkiga bo‘linadi. Bu avvalgi dasturga rozi bo‘lmagan qator aksionerlar talabi bilan qilinmoqda, deb xabar tarqatdi dushanba kuni Kyodo axborot agentligi.
O‘tgan yilning noyabr oyida Toshiba 2023 chi moliyaviy yilda (2023 yil 1 apreldan boshlanadi) uchta alohida kompaniyaga bo‘linish rejasini e’lon qilgan edi. Dastlabki rejaga ko‘ra, ularning biri yarimo‘tkazgichlar va boshqa elektron komponentlarni, ikkinchisi og‘ir sanoat, jumladan, elektrostansiyalar uchun texnikalarni ishlab chiqarish, uchinchisi esa barcha guruh mulkini boshqarish bilan shug‘ullanishi kerak edi. Endi tejamkorlik va boshqaruvni yanada samaraliroq qilish uchun ikkinchi va uchinchi kompaniyalarni birlashtirishga qaror qilindi.
Iqtisodiy masalalarni tahlil qilib boradigan Nikkei gazetasining yozishicha, Toshiba rahbariyatining korporatsiyani bo‘lish rejasi daromadlarni shakllantirishda turli manbalardan foydalanish va rivojlanish strategiyasi hisobidan barcha guruhlarning kapitallashuvini oshirishga qaratilgan.
So‘nggi yillarda mazkur korporatsiya moliyaviy tanglik sharoitini boshdan kechirmoqda. Bunga 2015 yilda moliyaviy hisobotlarni qalbakilashtirish bilan bog‘liq yirik mojaro hamda AQSHdagi ishlab chiqarish bo‘linmalarining 2017 yilda juda katta moliyaviy ziyon ko‘rgani sabab bo‘lgandi. Qolaversa, korporatsiya rahbariyati bilan yirik aksionerlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan kelishmovchiliklar ham Toshiba korporatsiyasidagi muhitning yomonlashuviga sabab bo‘ldi.