OAV: EKOVAS payshanba kuni Niger bo‘yicha sammit o‘tkazadi
G‘arbiy Afrika mamlakatlari iqtisodiy hamjamiyati (EKOVAS) payshanba kuni Abuje shahrida Nigerdagi vaziyat bo‘yicha sammit o‘tkazadi, deb xabar tarqatdi Reyter agentligi hamjamiyat vakili Emosa Lungu bergan ma’lumotga tayanib.
“G‘arbiy Afrika mintaqaviy hamjamiyat Nigerdagi harbiy to‘ntarishni muhokama qilish uchun payshanba kuni Nigeriya poytaxti Abujeda sammit o‘tkazadi”, – deyiladi agentlik tarqatgan xabarda.
Avvalroq EKOVAS isyonchilarga Prezident Muhammad Bazumni o‘z lavozimiga tiklash uchun bir hafta muhlat bergan edi. Hamjamiyat komissiyasi rahbari Omar Ali Turening bayonot berishicha, mamlakatda konstitutsiyaviy tartibni tiklash uchun EKOVAS kuch ishlatishi mumkin. Buning uchun allaqachon reja ishlab chiqilgani ham ma’lum qilingan.