Prokuratura ko‘maklashdi – tadbirkor faoliyatini tikladi
Samarqand viloyati prokuraturasida tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat prokuraturasi tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining erkinligi kafolatlarini ta’minlash va ularning qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar xususida axborot berildi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda viloyat prokuraturasi va tuman, shahar prokuraturalarida tadbirkorlik sub’ektlariga doimiy amaliy yordam ko‘rsatuvchi shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur shtablar tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida tadbirkorlik sub’ektlarining 1000 dan ortiq muammosi hal etildi. Jumladan, 323 nafar tadbirkorning kredit, 14 nafarining yer, 8 nafarining bino ajratish masalasidagi, 464 nafarining kommunikatsiya tarmog‘iga ulanish, 19 nafarining litsenziya va ruxsatnoma rasmiylashtirish bilan bog‘liq muammolariga tezkor yechim topildi. Natijada, 895 ta tadbirkorlik sub’ektining faoliyati tiklanib, 2000 dan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etildi.
– Jomboy tumanidagi “Amin Invest International” mas’uliyati cheklangan jamiyatining aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun 500 ming AQSH dollari miqdorida bank krediti ajratilishida ko‘maklashilgani natijasida, korxonaning moliyaviy holati yaxshilanib, qo‘shimcha 300 ta ishchi o‘rni yaratildi, – deydi Samarqand viloyati prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Xurshid Musurmonov. – Samarqand tumanidagi “AMON-BOBO” fermer xo‘jaligining ishlab chiqarish faoliyati xom ashyo yetishmasligi sababli to‘xtab qolganligi aniqlanib, mazkur sub’ektga ham 520 ming AQSH dollari miqdorida kredit ajratilishi ta’minlangach, korxona ishi yurishib ketdi. Tadbirkorlik sub’ektlariga elektr energiyasi yetkazib berishdagi asossiz uzilishlar holatlari o‘rganilib, 9 ta to‘qimachilik korxonasining elektr energiyasi uchun oldindan to‘langan 3,8 milliard so‘m to‘lovlari qaytarilishi ta’minlandi va korxonalar moliyaviy sog‘lomlashtirildi. Shuningdek, sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi Samarqand viloyati boshqarmasi mansabdor shaxslari tomonidan 27 ta sanoat korxonasi rahbarlariga nisbatan tuzilgan ma’muriy bayonnomalar bekor qilinib, 67 million so‘m ma’muriy jarimalar tadbirkorlik sub’ektlariga qaytarildi.

Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan joriy yilning 9 oyida tadbirkorlik faoliyatini tekshirish tartibini buzish bilan bog‘liq 42 ta holat aniqlanib, 14 ta taqdimnoma kiritilgan hamda 55 nafar shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 800 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektining buzilgan huquqlari tiklangan.
– Shu yilning 3-sentabr kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlardan so‘ng, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlar ko‘lami yanayam kengaydi, – deydi Samarqand viloyati prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Jasur Yo‘ldoshev. – Xususan, Urgut tumanida faoliyat olib borayotgan sanoat korxonalarining mavjud muammolari o‘rganilganda 30 nafar tadbirkorning 35 ta muammosi qayd etilib, bugunga qadar 16 ta muammo bartaraf qilindi. Masalan, “Qahhor ota agro servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tabiiy gaz va elektr energiyasi tarmog‘iga ulanish, qurib bitkazilgan binosining kadastr hujjatlarini shakllantirish, bojxona omborida turgan mahsulotlarini realizatsiya qilishdagi muammolari bartaraf etilishi natijasida korxona faoliyati tiklanib, 250 nafar fuqaro ishga qabul qilindi. “Isnur Qutlan Tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 200 ming AQSH dollari, “Farzona bonu Plast” hamda “Zeki Pack” mas’uliyati cheklangan jamiyatlariga 3 milliard so‘m miqdorida kredit ajratilishi ta’minlandi. “Elit soft produkt” mas’uliyati cheklangan jamiyatining kadastr hujjatini rasmiylashtirishdagi muammolari bartaraf etilib, 1,5 million AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratilishga amaliy yordam berildi.

– Prokuratura tomonidan o‘n yillik muammolarimiz hal etilib, tadbirkorlik faoliyatimizni davom ettirishga imkoniyat yaratildi, – deydi “Qahhor ota agro servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Abdurahmon Qahhorov. – Biz asosan, xorijga quruq meva eksporti bilan shug‘ullanamiz. Shu faoliyatni kengaytirishda va zamonaviy asosda yo‘lga qo‘yish uchun Vag‘ashti mahallasida 35 milliard so‘mlik loyiha qilib, zamonaviy bino qurdik. Lekin bino qurib bitkazilgach, kadastr, gaz, elektr ta’minoti masalalarida muammolarga duch keldik. Bir necha yildan buyon ushbu muammolarimizni hal etish uchun turli idoralarga yuzdan ortiq ariza berdik, ammo natija bo‘lmadi. Shunday bo‘lsa-da, Ishtixon tumanida ijaraga joy olib, ishimizni davom ettiraverdik. Prokuratura xodimlari Urgutdagi ishlamay turgan korxonalarni borib o‘rganayotganini eshitib, biz ham o‘z muammolarimizni aytdik. Prezidentimiz yaratib bergan imkoniyatlar va prokuratura xodimlarining yordami bilan yillar davomida cho‘zilib kelayotgan muammolarimiz hal etildi va 200 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Uchrashuvda viloyat prokuraturasi mas’ullari M.Hamroyeva, A.Yusupov, J.Mardonov va S.Samariddinov tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat shaffofligini oshirish, tadbirkorlar uchun qo‘llanilayotgan soliq imtiyozlari, tadbirkorlik dasturlari doirasida ajratilayotgan kreditlar haqida taqdimotlar qilindi.
[gallery-31846]
Shuningdek, viloyat prokuraturasining “Tadbirkorga ko‘mak” (@samtadbirkoryordambot) telegramm chat boti haqida tushuncha berildi.
Tadbirdan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Urgut tumaniga press-tur tashkil etilib, “Innovation med total” va “Agro dry fruits” korxonalari faoliyati bilan tanishildi. Mazkur sub’ektlar faoliyatini rivojlantirish borasida prokuratura organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan amaliy yordam haqida ma’lumot berildi.



– 2019-yildan buyon gigiyena vositalari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanamiz va 150 kishini ish bilan ta’minlaganmiz, – deydi “Innovation med total” korxonasi rahbari Shahob Mirboboyev. – Mahsulotlarimiz ichki bozor bilan birga, xorijga eksport qilinadi. Faoliyatimizni kengaytirib, yana bir korxona tashkil etib, yangi bino qurgandik. Ammo to‘rt yildan buyon kadastr hujjatlarini olishda muammolarga duch kelayotgandik. Prokuratura tomonidan tumanimizdagi tadbirkorlarga ko‘maklashish maqsadida uchrashuv o‘tkazilganda ushbu masala bo‘yicha murojaat qilgandim, ikki kunda muammo hal bo‘ldi. Kadastr hujjatlarini olishim bilan ushbu binoni garovga qo‘yib, prokuratura yordamida bankdan 1,5 million AQSH dollari miqdorida kredit oldim. Tez orada qo‘shimcha 60 ta ish o‘rni yaratamiz.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari