Oʻzini hurmat qilgan davlat tilini ham eʼzozlaydi
Rus yigiti biz bilan oʻzbek tilida shu qadar erkin, samimiy hazil-xuzullar bilan gaplashar ediki, koʻzingizni yumsangiz, qarshingizda oʻzbek bolasi oʻtirib gapirayotganday edi.
Bir kuni qoʻshnimiznikiga mehmon keldi. U rus millatiga mansubligi, qolaversa, mehmonligi uchun unga hurmat tariqasida rus tilida salom berdik. Ammo u kutilmaganda rus tilidagi salomimizga “Vaalaykum-assalom!”-deya tiniq, sof oʻzbek tilida tabassum bilan alik oldi. Bundan birdek hayajonlanib ketdik...
Rus yigiti biz bilan oʻzbek tilida shu qadar erkin, samimiy hazil-xuzullar bilan gaplashar ediki, koʻzingizni yumsangiz, qarshingizda oʻzbek bolasi oʻtirib gapirayotganday edi.
Keyin undan soʻradik. Oʻzbek tilini bu qadar sof gapirishiga qanday sabab va omillar bor?! Bu haqda u zavq bilan gapirib berdi. Bolalikdan oʻzbek bolalari davrasida katta boʻlganligi, oʻzbek maktabida oʻqiganligi, ular bilan hayotning achchiq-chuchugini birga totiganligi haqida hikoya qildi. Suhbatlasharkanmiz, ota-onasi uning qalbida oʻzbek tiliga, oʻzbek xalqiga naqadar mehr-muhabbat uygʻotganligi soʻzlashidan, oʻzini tutishidan, atrofdagilarga munosabatidan yaqqol sezilib turardi.
Shu vaqt uning qoʻl telefoni jiringlab qoldi. U qoʻngʻiroq egasiga endi rus tilida javob bera boshladi. Rus tilida ham xuddi shunday tiniq, chiroyli gapirardi. Toʻgʻrisi, uning sof oʻzbekcha gapirishini eshitib, rus tilini goʻyoki unutib qoʻyganday tuyulardi kaminaga...
U bizdagi hayratni sezdi chogʻi yuragidagini toʻkib soldi:
– Men garchi rus millatiga mansub boʻlsam-da, vatanim Oʻzbekistonni onam, otam kabi sevaman. Ayniqsa, bobom va buvim bu yurtni, bu oʻlkaning odamlarini hamisha toʻlqinlanib, koʻzlarida yosh bilan maqtab gapirishardi. Bobom va buvim urush yillari, oʻsha davrlarda oʻzbek xalqining dunyoga koʻrsatgan mehribonligining qiyosi yoʻq deyishardi. Bobom va buvim oʻzbek tilini suvdek ichgan edilar. Bemalol oʻzbekcha gapirishardi. Ota-onam ham shu anʼanaga sodiq qolib, bizlarni ham oʻzbek tilini puxta oʻrganishimizga alohida eʼtibor qaratganlar. Aslida shunday boʻlishi kerak. Chunki biz millatimiz, eʼtiqodimizdan qatʼi nazar, mana shu Vatanning fuqarolarimiz. Oʻzbek tilini, davlat tilini bilishimiz, uni hurmat qilishimiz zarur...
Qarangki, bu gaplarni rus millatiga mansub vatandoshimiz aytayotgan edi. Uning soʻzlaridan taʼsirlanar ekanman, beixtiyor oʻzi oʻzbek boʻla turib, oʻzbekcha gapirishni koʻpam “xushlamaydigan”, rivojlanish, yuksalish kalitini faqat va faqat xorij tillari imkoniyatlaridan izlaydigan baʼzi yurtdoshlarimiz xayolimdan oʻtdi. Aslida xatoni oʻzimizdan qidirishimiz kerak. Kamina ham oʻzimga oʻzim savol berarkanman, baʼzida “na vsyaki pojar”, “naprimer”lab qoladigan odatimdan uyalib ketdim...
Ha, hayotning oʻzi insonga muallimlik qiladi. Birni koʻrib fikr qil, deydilar. Oʻzbekiston degan jannatmakon, serquyosh oʻlkada, mustaqil va obod vatanda yasharkanmiz, oʻz ona tilimizga nisbatan mehr-muhabbatli boʻlishimiz, uning qadr-qimmatini oʻrniga qoʻyishimiz lozim. Zero, unutmaslik kerakki, oʻzini hurmat qilgan inson davlat tilini ham eʼzozlaydi. Chunki ona tilimiz – hayotimiz, borligʻimiz, bugunimiz va ertamizdir.
Bahodir Valiyev,
Favqulodda vaziyatlar
vaziri maslahatchisi