O‘zimizning mahsulotga talab ortmoqda
Namangan shahridagi “Extra Primer Bat” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan akkumulyator batareyalari o‘zining yuqori sifati va arzonligi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
Namangan shahridagi “Extra Primer Bat” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan akkumulyator batareyalari o‘zining yuqori sifati va arzonligi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.2012-yilda ish boshlagan korxonada barcha turdagi avtomobillar va qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun “Extra” nomi ostida akkumulyator batareyalari ishlab chiqarilmoqda. Muvofiqlik sertifikatiga ega va jahon talabiga to‘la javob beradigan mahsulotlarga talab tobora ortmoqda.
– O‘tgan yili 1 milliard 100 million so‘mlik import o‘rnini bosuvchi va eksportbop, yuqori sifatli akkumulyator batareyalari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan olti oyida bu ko‘rsatkich 700 million so‘mdan oshdi, – deydi korxona bosh hisobchisi Ahadxon Azimov. – Kelgusida uzoq muddatli xizmat qiluvchi elementlardan tashkil topgan akkumulyatorlar ishlab chiqarish loyihasi ustida ish olib borilmoqda.
Korxona O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilgan “Tashabbus – 2013” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida “Eng yaxshi innovatsion loyiha” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib chiqdi. Korxona rahbari Nodirbek Imonov o‘sha yili Toshkent shahrida “Vatanim taraqqiyotiga mening hissam” shiori ostida o‘tkazilgan yosh tadbirkorlarning respublika ko‘rgazmasida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Ayni paytda bu yerda 50 dan ziyod ishchi-xizmatchi samarali mehnat qilmoqda. Ularning qariyb yarmi kasb-hunar kollejini bitirgan yosh mutaxassislardir.