O‘zimizning bug‘doy, o‘zimizning non
Ona zaminimizda insonni o‘ziga rom etadigan ne’matlar ko‘p. Turfa gullar iforiyu polizda anqigan handalak hidi kimni maftun etmaydi. Ammo olamda bir ne’mat borki, u har qanday guldan muattarroq. Kattayu kichikni birdek jalb etuvchi bu ifor – non isi.
Ona zaminimizda insonni o‘ziga rom etadigan ne’matlar ko‘p. Turfa gullar iforiyu polizda anqigan handalak hidi kimni maftun etmaydi. Ammo olamda bir ne’mat borki, u har qanday guldan muattarroq. Kattayu kichikni birdek jalb etuvchi bu ifor – non isi.Dono xalqimiz biror narsaga ehtirom bildirsa, “nondek aziz”, “nondek mo‘tabar”, deya non so‘zini qo‘shib aytadi. Mamlakatimiz gerbida g‘alla boshog‘i tasviri tushirilgani ham o‘zbek xalqining bug‘doyga, nonga alohida hurmat-e’tibori ifodasidir. Zero, non dasturxonimiz ko‘rki, farovon hayotimiz belgisidir.
Izchil islohotlar samarasi
O‘tgan yili mamlakatimiz dehqonlari 8 million tonnadan ziyod g‘alla yetishtirdi. Bu xirmon cho‘g‘ini qiyoslash uchun ta’kidlash joizki, 1991-yilda yurtimizda 940 ming tonna g‘alla yetishtirilgan, har gektardan o‘rtacha hosildorlik 17 sentnerni tashkil qilgan. Bu O‘zbekiston atalmish katta oila uchun juda kamlik qilar edi. Shu bois xorijdan don olib kelinardi.
Ana shunday tang paytda Prezidentimiz Islom Karimov g‘alla mustaqilligi masalasini o‘rtaga qo‘ydi: “Toki g‘alla mustaqilligiga erishmas ekanmiz, iqtisodiy mustaqillik haqida gapirish ortiqcha”. Bu qat’iyat, shijoat va mashaqqatli izlanishlarni taqozo etardi. Avvalo, qishloq xo‘jaligida tub islohotlar amalga oshirildi. Dehqonlarimiz g‘alla yetishtirishni o‘rganib, ularning moddiy manfaatdorligi yuqori darajaga ko‘tarilgani yutuqlarning asosiy omili bo‘ldi. Ana shunday e’tibor tufayli O‘zbekiston nafaqat g‘alla bilan o‘zini ta’minlovchi mamlakat, balki uni eksport qiladigan davlatlar qatoriga kirdi.
Erishilgan yutuqlarda g‘alla navlarining yangilangani, ularning hosildorligini oshirish borasida olib borilgan ilmiy izlanishlar ham muhim o‘rin tutadi. Yaratilayotgan istiqbolli navlar, fermerlarning fidokorona mehnati, g‘alla yetishtirishdan manfaatdorlik ortishi, moddiy-texnik bazaning mustahkamlanishi hamda bu ishlarning davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani sohani jadal rivojlantirish imkonini bermoqda.
O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi g‘allachilik boshqarmasining ma’lumotiga ko‘ra, yangi navlarni ekishda har bir viloyatning o‘ziga xos tuproq-iqlim sharoiti hisobga olinib, sug‘oriladigan yerlarda boshoqli don yetishtirish agrotexnikasini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, olimlarimiz yaratgan “Chillaki”, “Durdona”, “Andijon-2”, “Andijon-4”, “Bobur”, “Asr” va “Turkiston” kabi o‘ndan ziyod mahalliy nav hosildorlikni oshirishda muhim omil bo‘layotir.
– To‘qson gektar maydonda g‘alla yetishtiramiz, – deydi Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi “Eshniyoz bobo” fermer xo‘jaligi rahbari Murtazoqul Bo‘tayev. – Dastlabki yillari gektaridan o‘ttiz-o‘ttiz besh sentner hosil olgan bo‘lsak, keyingi yillarda hosildorlik 70-75 sentnerga yetdi. Bu yil bug‘doyning iqlim sharoitimizga mos, kasalliklar va suvsizlikka chidamli “Zamin” navini ekdik. Obi tobida sug‘orib, begona o‘t va zararkunandalarga qarshi kurashdik. Har gektarga 10 tonnadan mahalliy o‘g‘it soldik. Mutaxassislar bilan bamaslahat zamonaviy va intensiv agrotexnologiyalarni qo‘lladik. Buning samarasida g‘alla mo‘l bo‘layotir. Har yili shartnomadan tashqari ikki yuz tonnadan ziyod bug‘doy xo‘jaligimizda qoladi. Bu yil ham katta xirmonni chamalab turibmiz.
– Mustaqilligimizning ilk yillarida g‘alladan gektariga 17 sentnerdan hosil olgan fermerlarimiz hozir 55 sentnerlik natijaga erishmoqda, ular orasida 90-100 sentnerlik marrani zabt etayotganlar ham bor, – deydi O‘zbekiston Fermerlari kengashi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev. – O‘tgan yili bug‘doy ekishdan avval fermerlarga murojaat qilib, shartnomaviy rejaga qo‘shimcha 5 sentnerdan hosil yig‘ishga chorladik. Mulkdorlarimiz bu tashabbusga javoban ulkan g‘alla xirmoni bunyod etdi. Bu juda katta jasorat. Fermerlarimiz orasida dala madaniyati – fermer majburiyati degan ibora paydo bo‘ldi. Bu ularni boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ko‘paytirish uchun har qarich yerdan unumli foydalanishga o‘rgatdi.
Shu kunlarda qaysi qishloqqa bormang, qaysi xonadonga kirmang, dala yumushlari, g‘alla o‘rimi haqida so‘z boradi. Garchi yangi mavsum boshlangan bo‘lsa-da, har bir xonadonda o‘tgan yilgi hosildan besh-olti qop bug‘doy bor. Qolaversa, fermerlar o‘ziga qolgan donni istagancha tasarruf etib, ro‘zg‘orini obod qilmoqda. Bir davrada gap bo‘ldi: “Sho‘rchilik Xushvaqt fermer dalasidagi bug‘doyni kombayn o‘rimidan so‘ng yana bir bor somon va boshoqlarni teribdi”. “Otasiga balli, – dedi ko‘pni ko‘rgan oqsoqollar. – Avvalo, rizqning uvoli tutmaydi, keyin chorva uchun qo‘shimcha ozuqa jamg‘aribdi. Yer ham sifatli shudgorga tayyor bo‘libdi. Bir paytlar dalani somondan tozalash uchun bilib-bilmay o‘t qo‘yadiganlar bo‘lardi. Bu o‘z rizqini o‘zi qiyish degani-ku!”
Qari bilganini pari bilmas, deganlaricha bor. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, somonni yoqish yer hosildorligi va ekologiyaga salbiy ta’sir etadi. Misol uchun, bir gektar maydondagi bug‘doy poyasi yoqilsa, undan havoga yarim kilogramm azot, uch kilogramm kul, qariyb yigirma kilogramm gaz va uglerod oksidi tarqalar ekan. Bu maydonlardagi foydali hasharotlarni nobud qiladi, tuproqning mineral va mahalliy o‘g‘itlarga boy qatlamiga jiddiy zarar yetkazadi. Aholi orasida turli kasalliklarning kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi. Shu bois O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi hamkorligida dalalarni somondan tozalash, g‘alla poyalarini yoqish bilan bog‘liq holatlarning oldini olish maqsadida muntazam ravishda tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Nasibasi butun el
Yaqinda Janubiy Bretan universitetining tadqiqotchilari qiziq bir tajriba o‘tkazib, supermarketdagi xaridorlarning xatti-harakatlari bo‘yicha kuzatuv olib borishgan. Ular yollagan aktyorlar o‘z ro‘molcha yoki qo‘lqoplarini “tasodifan” tushirib yuborganda, eng ko‘p do‘stona xayrixohlikni non-qandolat bo‘limida yurgan xaridorlar ko‘rsatishgan. Ularning qariyb 80 foizi, kiyim-kechak bo‘limida o‘tkazilgan sinovda esa 50 foiz kishi yordamga oshiqqan. Shu tariqa nonning xush bo‘yi insonlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, ezgu ishlarni bajarishga moyillik uyg‘otishini olimlar isbotlagan.
Bunday o‘ylab ko‘rsak, kishi nonni e’zozlagan sari uning fe’l-atvori ham ezgulikka moyil bo‘lib borarkan. Dunyo sayyohlari e’tirof etishganidek, o‘zbek xalqining bag‘rikengligi, mehmondo‘st va tantiligi nonga bo‘lgan hurmati bilan bog‘liqmikan? Har tong kun yorishmasdan ko‘chalarda non yuklangan mashinalar birin-ketin manzil tomon oshiqadi. Xonadonlardan taralgan issiq non hidi dimoqni qitiqlaydi. Mehmon kelganda oldiga avvalo non qo‘yiladi.
– Bir vaqtlar non do‘konlaridagi mahsulotlar turlari hozirgidek xilma-xil bo‘lmasdi, – deydi yunusobodlik Gulchiroy aya Karimova. – Buxanka non uchun ba’zida soatlab navbatda turardik. Istiqlolimiz sharofati bilan yurtimiz obodlikka, xalqimiz farovonlikka erishdi. Nonga navbatga turgan damlar ortda qoldi. Endi har qadamda non do‘konlari, ularda turli-tuman non mahsulotlari...
Nasibamizning butunligi, dasturxonimizning to‘kinligi yo‘lida non va non mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan jamoalar samarali mehnat qilayotir. «Toshkentnon» uyushmasi ular orasida eng yirigidir. Uyushma tarkibida ellikka yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan bu korxonalarda kuniga 350 tonnadan ziyod mahsulot tayyorlanmoqda.
– Ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimiz poytaxtimiz aholisi ehtiyojini to‘la qondiradi, – deydi «Toshkentnon» uyushmasi raisi Maqsud Qosimov. – «Ulug‘ ne’mat», «Sumbula non», «Saxovat non» kabi korxonalarimizda kuniga 20-24 tonnadan ziyod non va non mahsulotlari tayyorlanib, iste’molchilarga yetkazib berilmoqda. Ularning sifati, inson uchun foydali qo‘shimcha mikroelementlar bilan boyitish doimiy e’tiborda. Mahsulotlarni saqlash jarayonida gigiyena qoidalariga to‘la rioya qilinishini ta’minlash maqsadida non mahsulotlari maxsus paketlarda qadoqlanmoqda. Nonning saqlanish muddati ochiq holda 24 soat bo‘lsa, bunday usulda yaroqlilik darajasi bir necha kunga uzayadi.
Ayni paytda turli xastaliklarga, jumladan, qandli diabet, oshqozon-ichak xastaliklari bo‘lgan bemorlar uchun maydalangan bug‘doy va kepak aralashmalaridan turli ko‘rinish va hajmdagi nonlar tayyorlanmoqda. Oshqozon-ichak kasalliklariga chalingan bemorlar uchun tuzi nisbatan past, qotirilgan non ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa, buyrak, yurak-qon tomir kasalliklari bilan xastalanganlar uchun tuzsiz mahsulotlar – teshik kulchalar va qotirilgan non tayyorlanmoqda.
Eng asosiysi, biz saralab, tanlab xarid qilayotgan bu nonlar o‘zimizning bug‘doydan. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, Yaratganga ming bor shukrki, o‘z donimizga, o‘z beminnat nonimizga ega bo‘lgan kunlarga yetib keldik. Bugun yurt kezsangiz bepoyon dalalarda oltindek tovlanayotgan bug‘doyzorlar ko‘zingizni quvontiradi. Bu – mashaqqatli mehnat mahsuli, el rizqi.