O‘zbekiston – Vengriya biznes-forumi
Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 29-aprel kuni O‘zbekiston va Vengriya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 29-aprel kuni O‘zbekiston va Vengriya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo, sarmoya, eksport-import, bank-moliya, yoqilg‘i-energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, elektron mahsulotlar va qurilish materiallari ishlab chiqarish, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, marketing, sug‘urta, axborot texnologiyalari, kichik biznes va kommunal sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Ibrohim Ergashev O‘zbekiston bilan Vengriya o‘rtasidagi hamkorlik ko‘plab sohalarda izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
Vengriya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi faol hamkorlaridandir. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik, investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish hamda rag‘batlantirish, daromadlarning ikki tomonlama soliqqa tortilishiga yo‘l qo‘ymaslik, avtomobilda xalqaro yo‘lovchi va yuk tashishga oid qator hukumatlararo bitimlarga asoslanadi.
Savdo sohasida eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi joriy etilgan. 2014-yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 63 million AQSh dollaridan oshdi.
O‘zbekistonning barqaror rivojlanayotgan iqtisodiyoti, biznes yuritish uchun yaratilgan keng imkoniyat va imtiyozlar, qonun bilan kafolatlangan preferensiyalar chet ellik biznesmenlarning, jumladan, vengriyalik ishbilarmonlarning mamlakatimiz bilan faol hamkorlik qilishga qiziqishini tobora oshirmoqda.
– O‘zbekiston Vengriyaning Markaziy Osiyodagi yirik va muhim hamkori, – dedi Vengriya tashqi ishlar va savdo vazirining o‘rinbosari Laslo Sabo. – Mamlakatingiz iqtisodiyoti barqaror sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Mazkur biznes-forum ikki tomonlama kelishuvlarga erishish, o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorligimizning yangi qirralarini kashf etish, barcha sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Forumda vengriyalik ishbilarmonlarga mamlakatimizning iqtisodiy salohiyati, aksiyadorlik jamiyatlariga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun yaratilayotgan sharoitlar, “Navoiy”, “Jizzax” va “Angren” industrial zonalaridagi imkoniyatlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Vengriyaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va sarmoyaviy muhiti haqida so‘z yuritildi.
Anjumanda Vengriyaning qator yirik kompaniyalari ishtirok etgani ushbu mamlakatning O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga qiziqishi katta ekanidan dalolatdir. «Envisys Investment», «Aquis IT Services», «Fit-Food», «HND Stahl», «Land Bau», «Logsol», «Umirs Europe», «Maxima Foods» kabi kompaniyalar vakillari mamlakatimizda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish va kengaytirish niyatida ekanini qayd etdi.
Shu kuni O‘zbekistonning qator kompaniya va korxonalari hamda Vengriya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida kooperatsion birja o‘tkazildi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlarni eksport qilish bo‘yicha shartnomalar tuzildi.