Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi manfaatli hamkorlik muhokamasi
Oliy Majlis Senatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyevning Fransiya Respublikasining Markaziy Osiyodagi iqtisodiy diplomatiya boʻyicha vaziri maxsus vakili Paskal Loroboshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Oliy Majlis Senatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyevning Fransiya Respublikasining Markaziy Osiyodagi iqtisodiy diplomatiya boʻyicha vaziri maxsus vakili Paskal Loroboshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Tarixiy aloqalarning bugungi bosqichida Oʻzbekiston – Fransiya munosabatlari oʻzaro ishonch ruhida rivojlanib bormoqda. Mustaqillik yillarida demokratik tamoyil va bozor iqtisodiyotiga asoslangan jamiyat qurish borasidagi saʼy-harakatlar hozirgi kunda yangi ruh va mazmun kasb etgani Oʻzbekistondagi islohotlarga xayrixoh Fransiya tomonidan faol qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Uchrashuvda iqtisodiyot va ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oʻtgan yil oktyabrda Fransiyaga amalga oshirgan tashrifi va muzokaralar yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlar Oʻzbekiston – Fransiya munosabatlarini rivojlantirish, shu jumladan, iqtisodiy, investitsiyaviy aloqalarni chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlar ochib bergani taʼkidlandi.
Shuningdek, ushbu tashrif mamlakatlarimiz oʻrtasida qaror topgan doʻstlik aloqalarini mustahkamlash, sheriklik munosabatlarini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish imkonini berdi.
Uchrashuvda Fransiya Oʻzbekistonning Yevropadagi asosiy siyosiy va iqtisodiy hamkorlaridan biri ekani qayd etildi. Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Fransiyaga rasmiy tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida moliyaviy-texnik koʻmak vositalarini, shuningdek, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini rivojlantirishga jalb qilish sohasida kompleks ishlar amalga oshirilmoqda.
Shahar isitish tizimini takomillashtirish, shuningdek, Oʻzbekistonda gidroelektrostansiyani rivojlantirish va xususiy sektordagi loyihalarni moliyalashtirish boʻyicha loyihalar hamkorlikning muhim yoʻnalishlari sifatida belgilandi.
Uchrashuvda ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlar surʼati uzluksiz oshib borayotgani va bu ikki davlat manfaatlariga toʻliq javob berishi taʼkidlandi.
Tomonlar oʻzaro iqtisodiy manfaatli boshqa masalalarni ham muhokama qildi.


