Har qanday sivilizatsiyaning qiymati oʻz tarixi mobaynida insoniyat tarixiga qoʻshgan qadriyatlari miqdori bilan oʻlchanadi va baholanadi.
Har qanday sivilizatsiyaning qiymati oʻz tarixi mobaynida insoniyat tarixiga qoʻshgan qadriyatlari miqdori bilan oʻlchanadi va baholanadi. Oʻrta asrlarda ilm-fan xristianlarning amri ostidagi Gʻarb/Yevropa hamda turli diniy eʼtiqodlarni oʻz bagʻriga singdirgan, turli eʼtiqod va ilm-fan anʼanalarini oʻzida avaylab-oʻstirgan va ularning egasi boʻlgan sharq jamiyatlari hukmron boʻlgan Sharq / Osiyoda taraqqiy eta boshladi.
Binobarin, bu joʻgʻrofiyadagi boshqa xalqlar kabi turkiylarning ham ilgaridan bilim olish va oʻrgatish usul va yoʻl-yoʻriqlari bor edi, albatta. Ammo islomiyatni qabul qilgan boshqa millatlardan farqli oʻlaroq oʻzlariga xos bilim olish, oʻrganish va bilimni boshqalarga oʻrgatish yoʻl-yoʻriqlariga ega boʻlgan Turkiylar oʻsha davrning barcha ilm-fan sohalarida yangi bilimlarni yoyib, ilm-fan markazlari yaratganlar.
Diniy bilimlardan huquqshunoslikka, kalomdan falsafaga, adabiyotdan psixologiyaga, matematikadan asronomiyagacha boʻlgan sohalarda buyuk asarlarni vujudga keltirganlar. Bu bilimlarni vujudga kelishiga koʻmaklashgan tashkiliy tuzilmalarning shakllantirilishi ayniqsa, muhimdir. Bu muassasa esa, shubhasiz madrasalardir va ular oʻrta asrdagi islomiy madaniyat va ilm-fanning haqiqiy oʻchoqlaridir. Ilk paydo boʻlgan chogʻlaridanoq bilimlarning oʻrganilishi va jamiyatda yoyilishini shior qilib olgan islom jamiyatlarida bu ish avval masjidda, keyinroq xususiy yigʻinlarda va nihoyat maxsus bir ilmiy tuzilma sifatida madrasalar hamda Bagʻdod, Urganch va Samarqandda boʻlgani kabi “Darul Hikma” (“Bilimlar uyi”)da amalga oshirildi.
Samarqand Davlat universiteti rektori prof. R.Xolmurodovning “Samarqand universiteti Ulugʻbek Madrasai oliyasining vorsidir” mavzusidagi maqolasida haqli taʼkidlanganidek, madrasalar Islom dunyosi fani, madaniyati va sanʼatining rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan, madrasalar koʻmagida musulmon olami oʻtmishda juda taraqqiy etgan edi. Madrasalar 11-asrning boshlarida Turkistonda, uning Samarqand, Buxoro, Toshkent kabi shaharlarida oʻrtaga chiqqan va 13-asrning oxirigacha katta surʼat bilan sharqdan gʻarbga qarab yoyila boshlagan, bugungi Erondan Mesopotamiyaga, u yerdan esa shimoliy gʻarb tarafga Anadoʻluga, boshqa tarafdan Misr va Marokash orqali Iberiya yarimoroligacha (Andalusiya – hozirgi Portugaliya va Ispaniya hududlarigacha) tarqalgani maʼlum.
Madrasalar vujudga kelgan davrdan boshlab astronomik tezlik bilan 100-yil kabi qisqa muddatda oʻsha davrdagi dunyoning u uchidan bu chekkasigacha yoyilgan Islom dunyosining eng tamal ehtiyojlarini qoplagan, shu bilan birga butun insoniyatning olgʻa siljishiga koʻmaklashgan edi. Xususan, 771 hijriy / 1370 melodiy yilda Amir Temur tarafidan barpo etilgan va 913 hijriy/1507 melodiy yilga qadar uning oʻgʻillari va nevaralari tomonidan 130-yil davomida hukm surgan Temuriylar imperiyasi Islom sivilizatsiyasida ilmiy va falsafiy rivojlanishni taʼminlab bergan buyuk saltanat sifatida qarshimizga chiqadi. Bu saltanatni bir ilm-fan markazi holiga kelishida Amir Temurning buyuk xizmati bordir.
Qadami yetgan har bir mintaqa va oʻlkadan olimlar, tarixchilar, mohir hunarmandlarni saroyiga daʼvat etib, oʻz himoyasiga olgan bu buyuk shaxsiyat qisqa muddat ichida mamlakatini ilm-fan va falsafa rivojlangan markaz holiga keltirgan edi. Natijada Temuriylar saltanatining ikki muhim markazi – Samarqand va Hirotda bir biridan ikki farqli ilm-fan, madaniyat va sanʼat markazlari shakllandi. Bu farqlilik oʻsha davrdagi davlat arboblarining dunyoqarashi, eʼtibor bergan fan sohalari, hayot tarzlari bilan yaqindan aloqadordir. Hirot shahrida Shohruh Mirzo va Boysungʻur Mirzolarning qoʻllashi tufayli ahli sunnat chizgisidagi diniy bilimlar, adabiyot va sanʼatga aloqador ilm-fanlar, Temur imperiyasining dastlabki poytaxti Samarqand esa Amir Temur va Mirzo Ulugʻbek davrida Hirotdagidan farqli oʻlaroq tabiiy va falsafiy fanlar gurkirab rivojlangan va dunyoning ilmiy muhim markazlari holiga kelgan.
Samarqand, ayniqsa, Ulugʻbek davrida tabiiy fanlar, astronomiya va matematika sohasida eng yuksak nuqtaga koʻtarildi. Ulugʻbekning oʻzi bu sohalarda yaxshi taʼlim va tayyorgarlikka egaligi, bolalik yillaridanoq Meraga rasadxonasini ziyorat etganligi, olimlarning majlislarida ularning tortishuvlariga guvohlik qilishi va olimlarga buyuk hurmat-eʼtibor koʻrsatishi qisqa muddatda Samarqandning oʻrta asrlarning eng muhim ilm-fan markaziga aylanishiga olib kelgan. Natijada Samarqandda bizning davrimizgacha yetib kelgan, oʻrta asrlardagi Islomiy madaniyatning buyuk obidalari boʻlmish Ulugʻbek madrasasi va Samarqand rasadxonasi vujudga kelgan. Samarqand madrasai oliyalarining Islom olami va insoniyat tamaddunining taraqqiyotidagi oʻrni alohidadir.
Bunga oʻrnak – Samarqand madrasalari bitiruvchilarining Usmonli davlati taʼlim maskanlarining rivojlanishiga qoʻshgan hissasidir. Maʼlumki, Usmonli saltanatida madrasalar oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari maqomida edi. Birinchi Usmonli madrasasi Oʻrxon Gʻoziy tarafidan 1330/1331-yillarda qurdirilgan va Iznikda faoliyatini boshlagan Oʻrxoniya madrasasidir. Keyinchalik Bursa va Edirneda, Istanbul fath etilgandan keyin esa taʼlim sohasida barchani oʻziga tortgan Istanbul madrasalari barpo etiladi. Seljuqiylar davrining madaniyat markazlaridan biri boʻlgan Konya va boshqa shaharlar madrasalar orqali Islomiy yoki dunyoviy bilimlar berilgan ilm-fan markazlari holiga kelgan edi.
Bu madrasalarda Anadoʻlu geografiyasida yetishib chiqqan olimlar bilan bir qatorda turkiy ellardan kelgan olimlar ham dars berishar va oʻz bilimlarini bu taʼlim markazlariga yoygan edilar. 15-asrda Samarqand ham Turkiston mintaqasining eng muhim madaniyat markazlaridan biri edi, Anadoʻludan yetishib chiqqan olimlar bilan bu yerda kamol topgan olimlar turkiy dunyoning sharqiy va gʻarbiy sohalari oʻrtasida madaniyat koʻprigini barpo etgan edi.
Samarqandda Ulugʻbek tomonidan tarbiyalab yetishtirilgan matematik astronom Ali Qushchi Istanbulda, xuddi shunday matematik va fazo bilimlari ustasi, Bursada tugʻilib, bu yerda Mulla Fenariy tomonidan olimlik martabasiga erishtirilgan Qozizoda Rumiyning esa Samarqandda Ulugʻbek rasadxonasida ishlagani faktini bu madaniyat koʻpriklariga namuna sifatida qayd etish mumkin. Bundan tashqari, Samarqand va Buxoroda taʼlim olgan buyuk olim Anadoʻluga kelganidan keyin oʻzini tamoman irshod ishlariga baxshida etgan Shayx Ali Samarqandiy, avval Bursadagi Chalabiy Mehmet madrasasida, keyinroq Istanbuldagi Zeyrek madrasasida dars bergan Alouddin Tusiy ham bu koʻprikning tamal toshlaridandir.
Anadoʻludan yetishib chiqqan Kamol Ummiy kabi tasavvuf olimining Oʻzbekistonda mashhur boʻlishi, Usmonli madrasalarida hadis ilmi Imom Buxoriyning hadislarining oʻqitilishi bu ikki geografiyaning ilm va irfon aloqalari nuqtayi nazaridan bir biri bilan doimo oʻzaro taʼsirda boʻlib kelganini koʻrsatadi. Samarqand, Toshkent va Buxoro madrasalarida bu yerdagi mashhur olim va shoirlardan taʼlim olib yetishib chiqqach, Usmoniylar saltanatining baʼzi shaharlariga koʻchib borgan shoir va adiblarning Usmonli davri adabiyotiga katta taʼsiri hamda xizmatlari bor.
Oʻzbekiston madrasalarida diniy taʼlim olganligi natijasida bu ijodkorlar koʻpincha tasavvuf adabiyoti bilan shugʻullanib, Naqshbandiya tariqatining eʼtiqodlar tizimini sanʼatlariga singdirgan. Oʻzbek asl shoir va adiblari orasida Amir Sulton (1368-1429), Amir Ahmad (1443-1516), Ahmad Ilohiy (15-asr), Amir Sulton Raso (vafoti 1700-y.), Shaydo (17-asr), Nozima (vafoti 1751) va Ogoh (vafoti 1731/32) eng tanilganlardandir. Xususan, Amir Sulton va Amir Ahmad Usmonli tasavvuf adabiyotiga buyuk hissa qoʻshgan va koʻp shogirdlar yetishtirgan shoirlar hisoblanadi.
Usmonli turk adabiyotiga bu oʻlkaga kelmasdan katta taʼsir oʻtkazgan adabiy figura shubhasiz, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiydir (1441-1501). Alisher Navoiy oʻz asarlari bilan Usmonli adabiyot dunyosida mislsiz ravishda mashhur edi. Xulosa oʻlaroq aytish kerakki, Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimining ildizlari Amir Temur va temuriylar davridagi madrasalarga borib bogʻlanmoqda.
Bu gʻoyadan yoʻlga chiqqan holda eng qadimgi davrlardan beri ilm-fan va madaniyatning beshigi boʻlib kelgan bu goʻzal mamlakat oliy taʼlim tizimi tarixini oʻsha faxrimiz boʻlgan madrasalarga olib borib bogʻlash, bu tarixiy haqiqatni jahon hamjamiyati tomonidan qabul qilinishiga erishish lozim. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Samarqand viloyati Kengashi tarafidan shu yil 21-sentyabrda SamDU va Ulugʻbek Madrasasining 600-yillik qutlugʻ toʻyini nishonlash haqidagi qaror bu yoʻldagi dastlabki qadam boʻlib, butun Turk va Islom olami bu muborak ayyomni keng nishonlanishining boshlangʻichidir.
Salohiddin Avsharoʻgʻli,
Saljuq universiteti professori. (Turkiya)