Oʻzbekiston – Turkiya: doʻstona munosabatlarimizda yangi sahifa ochilajak
Oʻzbek va turk xalqi oʻrtasidagi oʻzaro manfaatdorlikka asoslangan hamkorlik hamda munosabatlarda yangi sahifa ochilganini ishonch bilan ayta olishimizning oʻziga xos sabablari bor, albatta.
Tarix shunisi bilan qadrliki, u bizga, bir tomondan shonli oʻtmishda ajdodlarimiz erishgan yutuqlardan faxr-iftixor tuyish sharafini ato etsa, ikkinchidan, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklardan saboq olib istiqboldagi vazifalarni belgilab olish imkonini beradi.
Shu maʼnoda, mustaqillikdan bugungi kungacha chorak asrlik qisqa davr mobaynida Oʻzbekiston – Turkiya qardosh davlatlari oʻrtasidagi iqtisodiy hamda ijtimoiy-madaniy aloqalarga koʻz tashlaydigan boʻlsak, 2016-yil bu borada yangi davrni boshlab berdi. Boshqacha aytganda, shu yildan eʼtiboran davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikka oid tashabbuslar amalda oʻz tasdigʻini topmoqda.
Qolaversa, soʻz va amaliyotning birligi bugun milliy taraqqiyotimizning besh tamoyiliga asoslangan yangi strategik konsepsiyada koʻzda tutilgan qardosh turkiy davlatlar hamda rivojlangan xorijiy mamlakatlar bilan olib borilayotgan keng koʻlamli hamkorligu xalqaro munosabatlarda ham aks etmoqda.
Oʻzbek va turk xalqi oʻrtasidagi oʻzaro manfaatdorlikka asoslangan hamkorlik hamda munosabatlarda yangi sahifa ochilganini ishonch bilan ayta olishimizning oʻziga xos sabablari bor, albatta. 2016-yildan soʻngra Oʻzbekiston – Turkiya davlatlari oʻrtasida imzolangan koʻplab muhim shartnomalarning tarjima qilinishida oʻzbek va turk tillari mutaxassisi sifatida men ham ishtirok etdim. Mazkur shartnomalar qishloq xoʻjaligidan tortib qurilish, yoʻl transporti, sogʻliqni saqlash, turizm, taʼlim, harbiy strategik sherikchilik kabi koʻplab sohalarni oʻz ichiga qamrab oladi.
Shuningdek, “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasida oʻtkazilgan tadbirlarda tarjimonlik qildim. Bugun mamlakatimizning turli hudud va viloyatlarida turk ishbilarmonlari hamkorligida qurilish, yoʻl transporti, turizm kabi bir qancha sohalarda olib borilayotgan ishlar qanchalar samara berayotgani barchaga maʼlum.
Oʻzbek-turk ishbilarmonlari hamkorligida Toshkent shahrida qad rostlayotgan osmonoʻpar binolarning shahar koʻrkiga koʻrk qoʻshayotgani bunga yana bir misoldir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi chogʻida koʻrib chiqiladigan navbatdagi muhim masalalar, imzolanadigan shartnomalar ikki qardosh xalq oʻrtasidagi oʻzaro manfaatdorlik aloqalarini yana-da yuqori bosqichga olib chiqishiga ishonchimiz komil.
Shermurod Subhon,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi