Oʻzbekiston Prezidentining Qozogʻiston Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 aprel kuni Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 aprel kuni Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Prezidentimiz Qozogʻiston rahbarini joriy yil 9 iyun kuni oʻtkazilishi rejalashtirilgan navbatdan tashqari Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti sayloviga nomzod etib ilgari surilgani bilan qutladi va ushbu muhim siyosiy tadbirning oʻtkazilishida muvaffaqiyat tiladi.
Davlat rahbarlari Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning joriy yil 14-15 aprel kunlari Oʻzbekistonga ilk davlat tashrifi natijalarini yuksak baholadilar.
Erishilgan kelishuvlarni hamda sanoat, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalarda aniq loyihalarni izchil amalga oshirish, shuningdek, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va turizm yoʻnalishlarida faol hamkorlikni davom ettirish muhimligi alohida qayd etildi.
Oʻzbekistonda Qozogʻiston yilining ishbilarmonlikka oid tadbirlar va madaniy-gumanitar almashinuvlarga boy dasturi qardosh xalqlarimizning yanada yaqin boʻlishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Qozogʻiston Prezidenti tabrik va samimiy tilaklar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Muloqot soʻngida Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlikni strategik sheriklik, koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalariga tayangan holda mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaati yoʻlida yanada mustahkamlash borasida intilishlari qatʼiy ekanini taʼkidladilar.