Oʻzbekiston parlament delegatsiyasining Tojikistonga tashrifi boshlanmoqda
Bugungi kunda Oʻzbekiston tashqi siyosatida, avvalo, qoʻshni mamlakatlar bilan oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Bugungi kunda Oʻzbekiston tashqi siyosatida, avvalo, qoʻshni mamlakatlar bilan oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Markaziy Osiyoning Oʻzbekiston tashqi siyosatida eng ustuvor yoʻnalish sifatida belgilab olinishi, mintaqadagi barcha davlatlar, jumladan, Tojikiston bilan doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini jadal rivojlantirib borish imkonini bermoqda.
Maʼlumki, Oʻzbekiston va Tojikiston Markaziy Osiyodagi bir-biriga chambarchas bogʻlangan mamlakatlar hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev toʻgʻri taʼkidlaganidek: “Oʻzbek va tojik xalqlari bir daraxtning ikkita shoxiga, bitta daryoning ikkita irmogʻiga oʻxshaydi. Biz xalqlarimiz doʻstligini mustahkamlashimiz va himoya qilishimiz kerak".
Soʻnggi toʻrt yil davomida doʻstona munosabatlar va mamlakatlarimiz oʻrtasidagi yaxshi qoʻshnichilik sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarildi. Bu, avvalo, Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlarining siyosiy irodasi va strategik qarashlari natijasidir. 2016-yil sentyabr oyidan boshlab Oʻzbekiston va Tojikiston rahbarlari turli sammitlar va oʻzaro tashriflar doirasida muntazam uchrashib kelmoqda. Oliy darajadagi uchrashuvlar oʻzaro munosabatlar rivojiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Qisqa vaqt ichida mamlakatlarimiz deyarli barcha sohada ilgari misli koʻrilmagan yutuqlarga erishdi.
2015-yildan beri oʻzaro savdo hajmi qariyb 3 baravar oshdi. Hozir ham pandemiyaga qaramay, oʻzaro savdodagi oʻsish saqlanib qolmoqda. Ilgari Oʻzbekiston – Tojikiston kapitali ishtirokidagi birorta korxona faoliyat yuritmagan boʻlsa, bugungi kunda ular soni esa 170 dan ortiqni tashkil etmoqda.
Ayni paytda mamlakatlarimiz oʻrtasida hal boʻlmagan birorta muammo qolmadi. Eng nozik va murakkab masalalar ham oʻz yechimini topmoqda.
Bu oʻzgarishlardan birinchi galda oddiy fuqarolar manfaat koʻrmoqda. Oʻzbekiston va Tojikistonning minglab fuqarolari koʻp yillardan beri birinchi marta oʻz qarindosh va birordarlarinikiga bemalol borib kelish imkoniga ega boʻldi. Atigi uch yil oldin Oʻzbekiston – Tojikiston chegarasidan har kuni bor-yoʻgʻi 3-3,5 ming kishi oʻtgan boʻlsa, hozir bu koʻrsatkich 20 ming kishini tashkil etmoqda.
Mamlakatlarimiz hamkorligida parlamentlararo aloqalar muhim oʻrin tutadi. 2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Tojikiston Respublikasi Oliy Majlisi Vakillar palatasi oʻrtasida parlamentlararo hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolangan boʻlib, unda parlamentlar oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlari belgilangan. Ayniqsa, parlament delegatsiyalari almashinuvini doimiy yoʻlga qoʻyish, parlamentlarning qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyati yuzasidan oʻzaro tajriba almashishiga katta eʼtibor qaratilgan.
Bitimda har ikkala parlament qoʻmitalari va komissiyalari, deputatlik guruhlari, devonlari oʻrtasida doimiy hamkorlik oʻrnatish, qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish amaliyotini, parlament faoliyati tajribasini oʻrganish maqsadida oʻzaro delegatsiyalar almashish oʻz aksini topdi. Bundan tashqari, oʻzaro manfaatli xalqaro masalalar yuzasidan maslahatlashuvlar oʻtkazish, xalqaro tashkilotlar va konferensiyalar doirasida hamkorlikni amalga oshirish va bir-biriga koʻmaklashish alohida qayd etilgan hamda birgalikdagi faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida parlamentlararo hamkorlikning doimiy amal qiluvchi mexanizmini yoʻlga qoʻyish koʻrsatib oʻtilgan.
Ushbu bitim doirasida 21-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari, quyi palataning Tojikiston Respublikasi Majlisi namoyandagon Majlisi Oli bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruh raisi U.Inoyatov boshchiligidagi Oʻzbekiston parlament delegatsiyasining Tojikistonga tashrifi boshlandi. Delegatsiya ikki mamlakat parlamentlarining doʻstlik va hamkorlik boʻyicha guruhlari birinchi qoʻshma yigʻilishida ishtirok etadi.
Unda oʻzaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish yoʻlida parlamentlarimiz faolligini oshirish, ayniqsa, soʻnggi toʻrt yil davomida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, investitsiyaviy va texnologik, madaniy-gumanitar, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalarda erishilgan kelishuv va bitimlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan parlament nazoratini oʻrnatish kabi masalalar keng muhokama qilinadi.
Taʼkidlaganimizdek, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston – Tojikiston munosabatlarini mustahkamlash sari dadil qadamlar qoʻyildi. Oʻzaro munosabatlar dinamikasi misli koʻrilmagan darajaga yetdi. Ikki mamlakat rahbarlarining qatʼiy saʼy-harakatlari tufayli oʻrtada konstruktiv hamkorlik muhiti yuzaga kelgan. Shunday sharoitda biz deputatlarning asosiy vazifasi qayta jonlangan oʻzaro doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik aloqalarini yana-da mustahkamlash, ikki xalqni bir-biriga yana-da yaqinlashtirishdan iborat. Zero, oʻzbek-tojik birodarligi Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik, tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotning muhim omili hisoblanadi.
Qodir Joʻrayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi aʼzosi