O‘zbekiston mahsulotlari Berlinda
Berlin shahridagi “Messe Berlin” ko‘rgazmalar majmuasida “Fruit Logistica – 2015” an’anaviy xalqaro yarmarkasi boshlandi.
Berlin shahridagi “Messe Berlin” ko‘rgazmalar majmuasida “Fruit Logistica – 2015” an’anaviy xalqaro yarmarkasi boshlandi.
Er yuzining barcha mintaqalaridan keltirilgan meva-sabzavot mahsulotlarining keng assortimenti namoyish etiladigan mazkur ko‘rgazmada saksondan ortiq mamlakat ishlab chiqaruvchilari qatorida O‘zbekiston vakillari ham qatnashmoqda.
Yildan-yilga xalqaro talablar va mijozlar ehtiyoji o‘zgarib bormoqda. Shu bois meva-sabzavot ishlab chiqaruvchilar mahsulotni iste’molchilarga did bilan qadoqlab, zamonaviy, kishi e’tiborini tortadigan idishlarda taqdim etishga intilmoqda. Uzoq vaqt saqlab turish imkoniyati va mahsulotning xorij bozorlariga tashishga yaroqliligi ham bunda muhim ahamiyat kasb etadi.
Berlinda o‘tkazilayotgan yarmarkada taqdim etilayotgan mahsulotlar ushbu talablar va mezonlarga to‘la mos keladi. Zero, bu yerda ishlov berilmagan meva-sabzavotlar, ularning yangi navlari, quruq mevalar, ziravorlar, gul va o‘simliklar, mahsulotlarni qadoqlash, saqlash, tashishga mo‘ljallangan asbob-uskunalar, yorliq ishlab chiqarish jihozlarini ko‘rish mumkin.
Mamlakatimizda dehqon va fermer xo‘jaliklari, agrofirmalar va xususiy tadbirkorlik subyektlarini minitexnologiyalar bilan ta’minlash, shu orqali qayta ishlash sanoatini rivojlantirish borasida keng imtiyoz va imkoniyatlar yaratilgan. Bu yo‘nalishdagi innovatsion g‘oya va ishlanmalar har jihatdan rag‘batlantirilmoqda. Natijada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan nafaqat ichki bozorni ta’minlash, balki eksportga chiqarish hajmi ortmoqda.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatimizda ilg‘or texnologiyalar asosida yetishtirilayotgan olmani zamonaviy sovutgichli omborda saqlab eksport qilinsa, bir gektar maydondan o‘rtacha 50 ming dollar miqdorida daromad olish mumkin. Ayni vaqtda O‘zbekistonda yetishtirilayotgan olma, anor, uzum, o‘rik, xurmo, olxo‘ri va qovun-tarvuz dunyo bozorlariga kirib bormoqda. Misol uchun, gilos, qovun Belgiya, Norvegiya, Boltiqbo‘yi davlatlari bozoridan mustahkam o‘rin egallamoqda.
O‘zbekiston noz-ne’matlarining dong‘i yetti iqlimga ketgan. Ekologik toza, yuqori quvvatli, xushta’m bu mahsulotlar butun dunyoda yuksak qadrlanadi. Shu bois ham mazkur yarmarka mamlakatimiz biznes vakillari uchun xorijiy sheriklar bilan amaliy aloqalarni o‘rnatish, meva-sabzavotlarni yetishtirish, qadoqlash va savdoga yetkazib berish borasida keng tasavvurga ega bo‘lishda qo‘l keladi.
– O‘zbekistonda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifat jihatidan jahon bozorining yuqori talablariga javob beradi, – deydi “O‘ztadbirkoreksport” kompaniyasi mutaxassisi Sulton Nazarov. – Bir necha yildan buyon tadbirkorlarimiz “Fruit Logistica” an’anaviy xalqaro yarmarkasida ishtirok etadi. Bu gal ham tadbirkor va fermerlarimiz mahsulotlari namoyishini o‘tkazadi. Jumladan, Buxoro shahridagi “Livadiya-Buxoro” korxonasi quritilgan meva-sabzavotlarni taqdim etadi. 150, 200, 300 grammli vakuumli idishlarda qadoqlangan ushbu mahsulotlar qariyb ikki yilga qadar sifatini yo‘qotmaydi.
Mazkur yarmarka 7-fevralga qadar davom etadi.