Toshkentda O‘zbekiston – Janubiy Koreya savdo forumi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Janubiy Koreyaning «KICOX» industrial kompleks korporatsiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan forum doirasida Janubiy Koreyaning avtomobil butlovchi va ehtiyot qismlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalari ishtirokida kooperatsiya birjasi o‘tkazildi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – ikki davlat o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish hamda chet el investitsiyalarini jalb etishdan iborat.O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Janubiy Koreyaning «KICOX» industrial kompleks korporatsiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
– Korporatsiyamiz ishlab chiqarish majmualarini qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan, – deydi korporatsiya bosh direktori Cho Seong Taye. – Yurtingizga korporatsiyamiz tarkibidagi «Dong-A Precision», «Inha AMT», «KAC», «Polyone», «Primax», «Shinwoo Hitec» kabi avtomobil butlovchi va ehtiyot qismlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalar vakillari bilan keldik. O‘zbekiston kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdormiz.
Forumda mamlakatimizning avtomobilsozlik sanoatida faoliyat yuritayotgan ellikdan ortiq kompaniyalari vakillari qatnashdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda Janubiy Koreya investorlari ishtirokida tashkil etilgan qariyb 450 korxona mavjud. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida ushbu mamlakatning 72 kompaniyasining vakolatxonalari akkreditatsiyadan o‘tgan. Ushbu kompaniyalar faoliyatining asosiy yo‘nalishlari neftgaz va kimyo, mashinasozlik, elektr-texnika, to‘qimachilik kabi qator sohalarni qamrab olgan.