O‘zbekiston “Global Robot Cluster” tashkilotiga a’zo bo‘ldi
“Global Robot Forum” yillik xalqaro robototexnika tadbiri bo‘lib, unda yetakchi robototexnika klasterlari va uyushmalari ishtirok etadi.
Joriy yilning 5-8 noyabr kunlari Koreya Respublikasida Robototexnika sohasini qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi (REPA), Xalqaro robototexnika klasteri (Global Robot Cluster), “EXCO” ko‘rgazmalar markazi va Koreya robototexnika sanoatini rivojlantirish instituti tomonidan tashkil etilgan Xalqaro robototexnika biznes forumida (Global Robot Business Forum 2019) O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshlig‘i Olimjon To‘ychiev boshchiligidagi yurtimiz delegatsiyasi ishtirok etdi.
“Global Robot Forum” yillik xalqaro robototexnika tadbiri bo‘lib, unda yetakchi robototexnika klasterlari va uyushmalari ishtirok etadi.
Forumda Osiyo, Yevropa va Okeaniyaning 15ga yaqin mamlakatlaridan kelgan 400 nafardan ortiq vakillar qatnashdi. Forumning ochilish marosimida Robototexnika sohasini qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi rahbari Chang Xo Kim, “DG Tech Holdings” ijrochi direktori Jayhun Ri, Gyyongbuk texnoparki direktor o‘rinbosari Jozef Mun so‘zga chiqdi.
4 kun davom etgan forum doirasida ishtirokchi mamlakatlarning robototexnika sohasidagi hozirgi faoliyati, rivojlanish istiqbollari va kelgusi rejalari bilan tanishildi. Robototexnika jamiyatlari, universitet va tadqiqot markazlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi hamda kelgusi hamkorlik imkoniyatlari to‘g‘risida muzokaralar tashkil etildi.
Shuningdek, forum doirasida Ociyo mamlakatlari delegatsiyalari va Koreyaning yetakchi sanoat va texnologik kompaniyalari, texnoparklari hamda oliy o‘quv yurtlari vakillari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Koreya Respublikasining avtomobil va robototexnika sohasida eng yuqori o‘rinlarda turuvchi kompaniyalaridan biri “Hyundai Robotics” kompaniyasining boshqaruv tizimi va ishlash mexanizmi bilan tanishdi. Shuningdek, Koreyaning “Doosan” kompaniyasi O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining birida ta’lim va ishlab chiqarishning integratsiyasini rivojlantirish maqsadida “KOICA” agentligi grantlari asosida robototexnika xonasini tashkil etib berish loyihasini taklif qildi.
Innovatsion rivojlanish vazirligining ma’lum qilishicha, forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi “Global Robot Cluster” tashkilotiga 11-a’zo davlat bo‘lib qabul qilindi va ushbu tashkilot tomonidan 2020 yil iyul oyida Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahrida o‘tkaziladigan “Innoprom” ko‘rgazmasiga taklif etildi.