Oʻzbekiston – Aqsh hamkorligi davom etmoqda
Oliy Majlis Senatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev bilan AQSHning Xalqaro eʼtiqod erkinligi komissiyasi maxsus vakili Nadin Menza boshchiligidagi delegatsiya uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Oliy Majlis Senatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev bilan AQSHning Xalqaro eʼtiqod erkinligi komissiyasi maxsus vakili Nadin Menza boshchiligidagi delegatsiya uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Tomonlar eʼtiqod erkinligi, dinlararo va konfessiyalararo totuvlikni taʼminlash sohasida hamkorlik qilish yuzasidan fikr almashdi. Oʻzbekistonda vijdon va eʼtiqod erkinligini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarga ijobiy baho berildi.
Vijdon erkinligini mustahkamlashni davom ettirish vazifalari Harakatlar strategiyasida oʻz aksini topib, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlashga hamda chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat olib borishga qaratilgan maqsadlar nazarda tutilgan.
2018-yilda Oliy Majlis tomonidan BMT Maxsus maʼruzachisi tavsiyalarini inobatga olgan holda eʼtiqod erkinligini taʼminlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” qabul qilindi, qonun hujjatlarining eʼtiqod qiluvchilar huquqlarini taʼminlashga doir qismini inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga moslashtirish boʻyicha ish olib borilmoqda.
Eʼtiqod erkinligini taʼminlash sohasida chinakam muvaffaqiyatga erishish siyosiy-huquqiy islohotlarning muhim qismi sifatida koʻrib chiqilmoqda. Birinchi navbatda, din sohasidagi milliy qonun hujjatlarini takomillashtirish va erkinlashtirishga qaratilmoqda. Diniy adabiyotlarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish uchun ruxsat olish tartib-taomillari soddalashtirildi. Diniy tashkilotlarni davlat tomonidan roʻyxatga olish tartibi qoʻshimcha ravishda maqbullashtirildi. “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun 20 yil deganda ilk bor qayta koʻrib chiqilmoqda. Oʻzbekiston bu jarayonga xalqaro ekspertlarni jalb qilgan.
Oʻzbekistonning din sohasidagi siyosati konfessiyalararo muloqotga yoʻnaltirilgani va diniy bagʻrikenglikni nazarda tutishi taʼkidlandi.
Uchrashuvda tomonlar eʼtiqod erkinligining dolzarb masalalari yuzasidan muloqotni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.