O‘zbek va ozar xalqlarining tutash tomirlari
hatidan bir-biriga o‘xshab ketadigan millat va elatlar ko‘p.
tili, urf-odatlari, madanDunyodaiyati jihatidan bir-biriga o‘xshab ketadigan millat va elatlar ko‘p. O‘zbek va ozarbayjon xalqlarini ana shunday xalqlar qatoriga bemalol qo‘sha olamiz.
Darhaqiqat, har ikki xalq vakillari bir-birini bemalol tarjimasiz tushuna oladi. Turmush tarzimizda, an’ana va urf-odatlarimizda, xalq og‘zaki ijodi va yozma adabiyotda mushtarak jihatlarni ko‘plab uchratish mumkin.
Bu ikki buyuk xalqni asrlar, ming yillar mobaynida bir-biriga bog‘lab kelgan o‘xshash jihatlar ko‘p. Xalqlarimizning mushtarak yodgorligi hisoblanmish, “Avesto” kitobi, shuningdek, xalq og‘zaki ijodining o‘lmas durdonalari sanalgan “Go‘ro‘g‘li”, “Oshiq G‘arib”, “Dada Qo‘rqut” dostonlari ana shu azaliy qardoshlik, do‘stlik va birodarlikning yorqin isbotidir. O‘zbek musiqasining gultoji sanalgan nodir maqomlarimiz va betakror Ozarbayjon mug‘omlari orasidagi hamohanglik har ikki xalq o‘rtasidagi yaqinlikni o‘zida ifodalaydi.
Azaliy aloqalar haqida gap ketganda mumtoz adabiyotimiz xususida to‘xtalmay ilojimiz yo‘q. Nazm mulkining sultoni Hazrat Mir Alisher Navoiy buyuk Sharq mutafakkirlaridan biri Nizomiy Ganjaviyni o‘z ustozlaridan biri sifatida e’tirof etgan. Ulug‘ shoirimiz “Farhod va Shirin”da yozadi:
Agarchi Ganjada oromi oning,
Vale ganj uzra doim gomi oning.
Ko‘ngul kunjin qilib ganji maoniy,
Og‘iz abvobi savtidin nihoniy...
...Emas oson bu maydon ichra turmoq,
Nizomiy panjasiga panja urmoq.
Shuningdek, ulug‘ bobokalonimiz Navoiy hazratlari Qosim Anvor, Sayyid Imodiddin Nasimiy singari ozar adabiyotining yetuk namoyandalari ijodiga yuksak hurmat ila yondashgan. O‘z navbatida, ozar mumtoz adabiyotining yana atoqli bir vakili Muhammad Fuzuliy hazrat Navoiyning izdoshlaridan sanaladi. Fuzuliyning ko‘pgina g‘azallarida navoiyona ohang, hassoslik va ziyraklik ko‘zga tashlanadi.
O‘lmishdi Navoiyi suxandon,
Manzuri shahanshahi Xuroson,
deya ulug‘ shoirimizga yuksak baho bergan edi Fuzuliy..
Shoh va shoir, Temuriyzoda hukmdor Zahiriddin Muhammad Bobur va asli kelib chiqishi ozarbayjon bo‘lgan yetuk sarkarda Shoh Ismoil Safaviy orasidagi do‘stona munosabatlar tarixiy manbalarda o‘z aksini topgan.
Haqparastligi tufayli dorga tortilgan o‘zbek shoiri Mashrab o‘z qismatdoshi Nasimiyning fojiasini bir g‘azalida taassuf ila bitib o‘tgan edi.
Kufr aytti deb, Nasimiyning terisin so‘ydilar,
Go‘shtu po‘stin so‘ylatib olamga go‘yo qildi ishq.
Qadim-qadimdan she’riyatga, adabiyotga oshufta bo‘lgan ajdodlarimiz Navoiyni ham, Fuzuliyni ham, Nasimiy va Mashrabni ham bir xil muhabbat va ehtirom ila e’zozlab, mutolaa qilib kelganlar, har ikki xalqqa mansub hassos shoirlar yaratgan bebaho durdonalar tarjimasiz tushunilgan. Bugungi kunda ham Fuzuliy, Nasimiy she’rlari asosida aytiladigan o‘zbek qo‘shiqlari, Navoiy g‘azallariga bastalangan ozar taronalari musiqa shaydolarining ko‘ngil mulkiga aylanib ulgurgan.
O‘tgan asrda ham har ikki xalq, ikki millat o‘rtasidagi har tomonlama aloqalar ko‘lami kengaydi. Bu esa, yigirmanchi asrdagi adabiyotimizning yetuk namoyandalari ijodida alohida o‘rin tutgani ham ayni haqiqat. G‘afur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda, Abdulla Qahhor, Samad Vurg‘un, Mirza Ibrohimov singari adiblar ana shu azaliy do‘stlikni o‘z asarlarida tarannum etganlar.
Sevimli shoirimiz Abdulla Oripovning Ozarbayjonga bag‘ishlab yozilgan she’rida mana bunday o‘tli misralarni uchratamiz.
Xayol oti bilan kezgil har yonni,
Topmassan bundayin xushbaxt bir onni.
E’zozlab ko‘tarib turibdi boshga,
Bu kun ozar eli O‘zbekistonni.
Mavjud bo‘lmasaydi olamda agar,
O‘ylab topar edim Ozarbayjonni.
Ozarbayjon kinoustalari tomonidan yaratilgan “Arshin mol-olon”, “Qaynona”, “Ahmad qaerda?” singari o‘lmas filmlarni o‘zbek tomoshabinlari bugun ham ayricha zavq-shavq ila tomosha qilishadi. “Tohir va Zuhra”, Toshkent – non shahri”, “Sen yetim emassan”, “To‘ylar muborak” kabi o‘zbek kinoasarlari qardosh tomoshabinlar uchun ham qadrdon bo‘lib qolgan.
1996 yilning avgust oyidan beri poytaxtimizda Ozarbayjon elchixonasi faoliyat ko‘rsatib kelayotir. 1998 yilning iyul oyida esa, Boku shahrida mamlakatimiz elchixonasi ish boshladi.
Ozarbayjonning amaldagi davlat rahbari, marhum Haydar Aliev boshlab bergan sharafli yo‘lning davomchisi Ilhom Aliev yangi lavozimga saylanganidan buyon azaliy aloqalarimizni yanada rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratib kelayotir.
2004 yil mart oyida poytaxtimizning so‘lim maskanlaridan birida ulug‘ mutafakkir Nizomiy Ganjaviy haykali ochildi. 2008 yilning sentabr oyida Boku shahrida ulug‘ mutafakkir Mir Alisher Navoiy haykali o‘rnatildi. Bokuning markaziy ko‘chalaridan biriga falakiyot ilmining buyuk namoyandasi Mirzo Ulug‘bek nomi berildi.
O‘zbek xalqining ozar qardoshlarimizga bo‘lgan ehtiromini juda ko‘p misollar yordamida isbotlash mumkin. Bugungi kunda yurtimizdagi ko‘plab ko‘cha va xiyobonlar, madaniy ma’rifiy muassasalar Ozarbayjon xalqining buyuk farzandlari nomi bilan ataladi.
Xususan, poytaxtimizdagi ko‘chalardan biriga ozar xalqining umummilliy lideri Haydar Alievning nomi berilgan. Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan Ozarbayjon milliy madaniyat markazi binosi oldida buyuk davlat va siyosat arbobiga yodgorlik o‘rnatilgan.
Umuman, xalqlarimizni birlashtirib turgan yaqinlik, do‘stlik va hamjihatlik naqadar qadimiy bo‘lsa, uning istiqboli ham shu qadar boqiydir.
R.JABBOROV.