Oʻzbek-hind urugʻchilik klasteri tuziladi
Hindistondan Oʻzbekistonga paxta, bugʻdoy, pomidor, kartoshka, yeryongʻoq, loviya va sabzavotlar kabi eng muhim qishloq xoʻjaligi ekinlari boʻyicha urugʻchilik sohasidagi yangi innovatsiyalar olib kiriladi, bu yoʻnalishdagi tijoratlashtirish ishlari ham birgalikda amalga oshiriladi.
Mamlakatimiz Prezidentining joriy yilning 18 yanvaridagi Hindistonga amaliy tashrifi ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Jumladan, Hindistonning Gandinagare shahrida boʻlib oʻtgan “Joʻshqin Gujarat” IX xalqaro investitsiya sammitida sarmoyadorlarni Oʻzbekistonga jalb qilish, turli sohalarda istiqboli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha davlat rahbarimizning ilgari surgan qator taklif va tashabbuslari oʻlaroq Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasi aʼzolari mezbonlar bilan ilgʻor texnologiyalar va bilimlar almashishga doir kelishuvlarga erishishdi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish va Qishloq xoʻjaligi vazirliklari hamda Gujarat shtatiga chegaradosh boʻlgan Maxarashtra shtatidagi gibrid va genetik modifikatsiyalangan (GM) urugʻlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va sotish bilan shugʻullanuvchi Nath Bio-Gens, Ltd kompaniyasi bilan Andijonda oʻzbek-hind qoʻshma urugʻchilik klasterini tashkil etishga kelishdilar.
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Saidkomol Xodjayev hamda Nath Bio-Gens, Ltd kompaniyasi rahbari Satish Kaxlivaz imzolagan hujjatga asosan, Oʻzbekistonda urugʻ yetishtirish uchun yer maydoni ajratilib, davlat-xususiy sherikchilik asosida urugʻchilik klasteri oʻz faoliyatini boshlaydi. Bunda urugʻlarni koʻpaytirish va tayyorlash uchun hindistonlik mutaxassislarga mahalliy ekin navlarining murtak plazmalari va yurtimizda yaratilgan ekin navlari bilan ishlash imkoniyati beriladi.
Nath Bio-Gens kompaniyasi urugʻ yetishtirishdan to ularni sotishgacha boʻlgan barcha bosqichlarni oʻz ichiga oluvchi zamonaviy tizimni yaratish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar kiritadi, shuningdek urugʻlarni yangi navlarini taqdim etadi, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligida urugʻlarni tijoratlashtirish mexanizmlari boʻyicha amaliy maslahatlari bilan sohani rivojlantirishga hissa qoʻshadi.
Hindistondan Oʻzbekistonga paxta, bugʻdoy, pomidor, kartoshka, yeryongʻoq, loviya va sabzavotlar kabi eng muhim qishloq xoʻjaligi ekinlari boʻyicha urugʻchilik sohasidagi yangi innovatsiyalar olib kiriladi, bu yoʻnalishdagi tijoratlashtirish ishlari ham birgalikda amalga oshiriladi.
Yaqin kunlarda hind mutaxassislari yurtimizga tashrif buyurib, urugʻchilik sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrganib, baho beradilar, hamkorlikka doir masalalar esa yanada batafsil muhokama etiladi.
Shu bilan bir qatorda yangi tuzilajak klaster doirasida fermerlarimiz uchun muhim va foydali boʻlgan har qanday innovatsiyalarni kiritish orqali qishloq xoʻjaligining rentabelligini oshirish, mahsulotlarning sifatini yaxshilashga erishish koʻzda tutilgan.