OʻzA karvoni yoʻlga tushdi
100 million soʻmlik pul va mahsulotlar ortilgan karvon bugun yoʻlga tushdi.
Oʻzbekiston milliy axborot agentligi tomonidan tashkil etilgan aksiyada yurtdoshlarimiz faol ishtirok etishdi. 100 million soʻmlik pul va mahsulotlar ortilgan karvon bugun yoʻlga tushdi.
Yuklarning dastlabkisi Jizzax viloyatining Gagarin shaharchasiga yoʻl oldi. 40 million soʻmlik yuk ortilgan avtomobilida eng zarur oziq-ovqat, kiyim kechak, zarur gigiyenik vositalar oʻrin olgan.
Mirzachoʻl va Sayhunobod tumanlariga yuboriladigan yuklarning summasi esa qariyb 60 million soʻmni tashkil etdi.
Aksiya doirasida jami 21,5 million soʻm va 2000 AQSH dollari yigʻildi. Ushbu mablagʻga zarur dori darmonlar, iftorlik uchun atalgan shirinliklar bilan toʻldirilgan qutilar olishga sarflandi.
Shuningdek, hamyurtlarimiz tomonidan taqdim etilgan kiyim kechak, roʻzgʻor buyumlari, koʻrpa toʻshaklar ham yuk avtomobillariga ortilgan.
Eslatib oʻtamiz, Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori toʻgʻonining bir qismi oʻpirilib, minglab yurtdoshlarimiz oʻz uylarini tark etishlariga toʻgʻri keldi. Ular bugun yordamga muhtoj. 2-may kuni Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi ham jabrdiydalarga yordam berish uchun “Bir quti saxovat!” aksiyasini eʼlon qilgan edi. Aksiya davom etmoqda.






