Oʻtmish bilan bogʻlovchi koʻprik
Muzeylar – yurtimiz tarixi, xalqimizning asrlar osha yashab kelayotgan qadriyatlarini oʻzida mujassam etgan osori-atiqalar, noyob buyumlar bilan oʻzligimizni anglashga, oʻtmishdan ibrat olib yashashga undaydi.
Muzeylar – yurtimiz tarixi, xalqimizning asrlar osha yashab kelayotgan qadriyatlarini oʻzida mujassam etgan osori-atiqalar, noyob buyumlar bilan oʻzligimizni anglashga, oʻtmishdan ibrat olib yashashga undaydi.
Bugun ana shu maskanlarga aholi, ayniqsa, yoshlar qay darajada tashrif buyurmoqda? Muzeylarda sayyohlar uchun qanday sharoit va qulayliklar yaratilgan? Ana shu savollarga Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi faoliyati misolida javob topishga harakat qildik.
Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi kapital rekonstruksiya qilinib, atrofi obodonlashtirildi, infratuzilmasi tubdan yangilandi. Bu ishlar uchun 500 million soʻm mablagʻ sarflandi.
Ayni paytda 110 mingdan ziyod eksponat saqlanayotgan mazkur muzeyning “Jomeʼ meʼmoriy obidasi", “Bobur uy-muzeyi”, “Choʻlpon yodgorlik muzeyi”, “Qalʼa yodgorlik majmuasi” boʻlimlari hamda Paxtaobod tumanidagi “Habibiy yodgorlik muzeyi” filiali faoliyat koʻrsatmoqda.
“Jomeʼ meʼmoriy obidasi" boʻlimida joylashgan adabiyot va sanʼat galereyasida tariximizga oid 20 mingdan ziyod hujjat, qoʻlyozma va turli davrlarda chop etilgan kitoblar, shuningdek, Andijon adabiy muhiti va xalq amaliy sanʼatiga oid noyob asarlar, buyumlar oʻrin olgan. XIV asrga oid Bobur uy-muzeyi (Ark ichi) meʼmoriy obidasida Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar davriga, “Qalʼa” meʼmoriy yodgorligida esa XIX asr va XX asr boshlaridagi Andijon tarixiga, Abdulhamid Choʻlpon hamda Zokirjon Habibiy yodgorlik muzeylarida oʻzbek adabiyoti rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan ijodkorlar hayoti va faoliyatiga oid eksponatlar saqlanmoqda.
– Muzeyimizni bundan ikki yil avval yiliga taxminan 40-42 ming kishi tomosha qilgan boʻlsa, 2019-yilda 70 mingdan ortiq odam tashrif buyurdi, – deydi Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi direktori oʻrinbosari Rohatoy Muhammedova. – Jumladan, 250 nafardan ziyod xorijlik sayyoh ham muzey eksponatlari bilan tanishdi.
Muzeydagi har bir eksponat yoritish chirogʻi bilan taʼminlandi. Xorijiy sayyohlar uchun suvenirlar sotiladigan doʻkon tashkil etildi. Internetdan erkin foydalanishni yoʻlga qoʻyish maqsadida muzey hududida Wi-Fi internet zonasi yaratildi. Bu kabi qulayliklar muzeyga tashrif buyuruvchilar oqimi ortishiga xizmat qilmoqda.
Aholi, ayniqsa, yoshlarning muzeyga qiziqishi va tashrifini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar akademiyasi, “Hunarmand” uyushmasi viloyat boʻlimlari bilan hamkorlikda koʻplab tasviriy va xalq amaliy sanʼati asarlari koʻrgazmalari oʻtkazildi.
Viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻquvchi-yoshlarning muzeyga muntazam kelib turishini taʼminlash boʻyicha ham muayyan ishlar olib borildi. Xususan, yuqori sinflarda adabiyot, tasviriy sanʼat hamda tarix fanlari darslari bir yilda bir marta bevosita muzeyning tegishli boʻlimlarida oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyildi.
Bir necha yildirki, muzey maʼmuriyati hamda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Samarqand arxeologiya instituti olimlari hamkorligida qoʻshma ilmiy ekspeditsiya ish olib bormoqda. Qoʻrgʻontepa tumanidagi “Qoʻshtepa” arxeologik yodgorligidagi qazish hamda ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida yurtimizning qadim oʻtmishiga oid 5 mingga yaqin sopol buyum topildi. Ular muzey fondiga topshirilib, “Koʻhna zamin durdonalari” koʻrgazmasi doirasida keng jamoatchilikka namoyish etildi. Ushbu buyumlar yaqin kunlar ichida Oʻzbekiston xalqlari tarixi muzeyida tashkil etiladigan koʻrgazmaga olib borilishi koʻzda tutilgan.
– Muzeyimizda turli davrlarga oid 2 mingga yaqin qoʻlyozma saqlanmoqda, – deydi Qoʻlyozma va toshbosma kitoblarni saqlash sektori mudiri Gʻanijon Qosimov. – Mutaxassislar ularning ilmiy-tarixiy ahamiyatini oʻrganmoqda. Muzey eksponatlarining elektron katalogini yaratish boʻyicha ham ishlar olib borilmoqda.
Muzey jamoasi tomonidan oʻtgan yili xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish borasida ham qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Qirgʻiziston Respublikasi Oʻsh oblastidagi “Sulaymon-too” milliy-tarixiy arxeologik muzey kompleksi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Hamkorlik doirasida Andijonda “Sulaymon-too” – xalqaro meros obyekti” nomli koʻchma koʻrgazma tashkil etildi. Shuningdek, Oʻsh shahrida “Fargʻona vodiysidagi umumiy qadriyatlarni saqlagan muzeylar hamkorligi” mavzusida seminar oʻtkazildi. Bu ikki qoʻshni xalqlar oʻrtasidagi madaniy-tarixiy hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga, sayyohlar oqimining koʻpayishiga yordam bermoqda.
Xalqaro hamkorlik koʻlamini kengaytirish maqsadida Vengriya Respublikasi Xalq muzeyi, Qozogʻiston Respublikasi Milliy muzeyi hamda Xitoy Respublikasining Siang shimoli-gʻarbiy universiteti vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Uchrashuvlar doirasidagi muloqotlarda kelgusida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish yuzasidan takliflar bildirildi.
Navroʻz bayrami arafasida Oʻsh shahrida “Andijonning turizm salohiyati” mavzusida, aprel-may oylarida Rus milliy-madaniy markazi, Rossiya Federatsiyasining Orenburg tarixiy-oʻlkashunoslik muzeyi bilan hamkorlikda Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyining “Andijon qalʼasi” yodgorlik majmuasida Orenburg tarixiy-oʻlkashunoslik muzeyining koʻchma koʻrgazmasini oʻtkazish rejalashtirilgan.
Muxtasar aytganda, Andijonning qadim tarixidan soʻzlovchi ushbu muzeyda saqlanayotgan noyob eksponatlar, osori-atiqalar bilan tanishish yurtdoshlarimiz qalbida tariximiz, ulugʻ ajdodlarimiz, ona Vatanimizga boʻlgan hurmat va ehtiromni yana-da oshiradi.