Oʻtgan haftada nimalarning narxi oshdi, nimalar arzonlashdi?
Oʻtgan haftada, yaʼni 5–11-oktyabr kunlari Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining barcha savdo platformalarida 1 198,0 milliard soʻmlik tovarlar sotildi.
Oʻtgan haftada, yaʼni 5–11-oktyabr kunlari Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining barcha savdo platformalarida 1 198,0 milliard soʻmlik tovarlar sotildi. Bu avvalgi haftaga nisbatan 21,6 foiz koʻpdir. Bunda sotuvlarning 89,5 foizi - birja savdolari, 3,0 foiz - koʻrgazma-yarmarka savdolari, 6,8 foiz - elektron davlat xaridlari va 0,6 foiz- avtoraqamlarning onlayn-auksioniga toʻgʻri keldi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 398,0 milliard soʻmni tashkil qildi. Bu esa avvalgi haftaga nisbatan 9,8 foiz koʻpdir. Davlat xaridlari tizimlarida oʻtkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining 16,4 milliard soʻmlik mablagʻlari tejaldi.
Koʻrib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 3 386 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 7,4 milliard soʻmni tashkil qildi. Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 4,9 foizi birinchi toifadagi avtoraqamlarga, 14,7 foiz ikkinchi, 21,9 foizi uchinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.
Koʻrib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali 1 072,7 milliard soʻmlik tovar resurslari sotildi. Bu esa avvalgi haftaga nisbatan 26,3 foizga koʻpdir. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qoʻydi.
Paxta yogʻi
Oʻtgan haftada birja savdolariga 1 210,0 tonna paxta yogʻi qoʻyildi. Shundan 910,0 tonnasi, yaʼni 80,2 foizi sotildi. Oʻtkazilgan savdolarda har kuni oʻrtacha 125 ta xaridor ishtirok etdi.
Bu vaqtda barcha navli paxta yogʻining kunlik oʻrtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 13 879,9 ming soʻmdan 13 970,1 ming soʻmgacha, yaʼni 0,6 foizga koʻtarildi. Hafta yakunlariga koʻra esa 1-navli paxta yogʻining haftalik kotirovkasi 0,7 foizga kamayib, bir tonnasi 13 322,5 ming soʻmni tashkil etdi.
Shakar
Birjaning shakar bozorida ham pasayish kuzatilmoqda. Hafta davomida birja savdolariga 5 300,0 tonna shakar qoʻyildi va hammasi sotildi. Bunda shakarning barcha kategoriyasi boʻyicha shakllangan kunlik oʻrtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 6 908,2 ming soʻmdan 6 653,6 ming soʻmgacha boʻldi. Oʻtkazilgan birja savdolari natijasida shakarning 3-kategoriyasi boʻyicha shakllangan oʻrtacha haftalik narxi mahsulotni bir tonnasi uchun 6 572,7 ming soʻmni tashkil etdi.
Sement
Qurilish mavsumining yakuniy bosqichi yaqinlashayotganligi sababli birjaning sement bozorida ham pasayish kuzatilmoqda.
Hafta davomida birja savdolariga 229 971,0 tonna sement qoʻyildi va ulardan 221 506,0 tonnasi, yaʼni 96,3 foizi sotildi. Oʻrtacha kunlik sotuv hajmlari 44,3 ming tonnani tashkil qildi.
Bunda sementning barcha markalari boʻyicha shakllangan kunlik oʻrtacha narxi bir tonna uchun 609,5 ming soʻmdan 565,5 ming soʻmgacha, yaʼni 7,2 foizga pasaydi.
Benzin
Oʻtgan haftada birja savdolariga 30 571,0 tonna AI-80 markali avtomobil benzini qoʻyildi va ulardan 20 240,2 tonnasi, yaʼni 66,2 foizi sotildi. Oʻtkazilgan savdolarda har kuni oʻrtacha 53 xaridor ishtirok etdi.
Koʻrib chiqilayotgan davrda AI-80 markali avtomobil benzinning kunlik oʻrtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 4 774,5 ming soʻmdan 4 872,8 ming soʻmgacha yaʼni 2,1 foizga koʻtarildi. Avtomobil benzinining bir tonnasi oʻrtacha 1293-1370 litrni tashkil qiladi.
Eslatib oʻtamiz, bu vaqtda AI-80 rusumli avtomobil benzinning oʻrtacha haftalik kotirovkasi 4 833,8 ming soʻmni, AI-91 – 5 454,9 ming soʻmni tashkil etdi.