O‘simliklar uchun yangi o‘g‘it
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida milliy innovatsion ishlanma – qishloq xo‘jaligida keng qo‘llash uchun mo‘ljallangan “Uzgumi” bioo‘g‘itidan foydalanishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida milliy innovatsion ishlanma – qishloq xo‘jaligida keng qo‘llash uchun mo‘ljallangan “Uzgumi” bioo‘g‘itidan foydalanishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi, Iqtisodiyot vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi, O‘zbekiston fermerlari kengashi mutaxassislari, ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy o‘quv yurtlari olimlari, BMT Taraqqiyot dasturi va Xalqaro moliya korporatsiyasi vakillari ishtirok etdi.
Ilmiy-amaliy seminarni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad mamlakatimizda ishlab chiqilgan “Uzgumi” bioo‘g‘itini qishloq xo‘jaligi sohasida keng qo‘llash istiqbollarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda kimyo sanoatini izchil rivojlantirish, korxonalar quvvatlaridan samarali foydalanish va qishloq xo‘jaligi uchun turli kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Agrosanoat kompleksining mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan ehtiyoji inobatga olingan holda mahalliy xomashyo asosida ishlab chiqariladigan va o‘simliklarning o‘sishini tezlashtiradigan, hosildorligini, turli kasalliklar va sovuqqa chidamliligini oshiradigan yangi turdagi o‘g‘it va biostimulyatorlar yaratilmoqda. “Uzgumi” bioo‘g‘iti shunday ishlanmalardan biridir.
“TBS Group” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqilgan ushbu preparat o‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishini tezlashtirish, boshoq va mevalarning yetilishi muddatini qisqartirish imkonini beradi. Ayni paytda bioo‘g‘it mamlakatimizdagi oltita ilmiy-tadqiqot institutida sinovdan o‘tkazildi. G‘alla va dukkakli o‘simliklar ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Andijon va Toshkent viloyatlarida bir necha nazorat tadqiqotlari olib borildi. Har bir viloyatda tanlab olingan ekin maydonida “Uzgumi” bioo‘g‘iti sinab ko‘rildi. Buning samarasida Andijon viloyatida kuzgi bug‘doy yetti kun va Toshkent viloyatida to‘qqiz kun erta pishdi. Bundan tashqari, hosildorlik ko‘rsatkichlari ham oshdi.
– “Madadbek” fermer xo‘jaligimiz Qibray tumanida joylashgan, – deydi fermer M.Boboqulov. – 50 gektar maydonda turli don, poliz va dukkakli ekinlar yetishtiramiz. Ikki yil avvval “Uzgumi” bioo‘g‘itini qo‘llashni boshlagan edik. Buning samarasida hosildorlik ko‘rsatkichini oshirish, qishloq xo‘jaligi ekinlari o‘sishi va rivojlanishini tezlashtirishga erishmoqdamiz.
Tadbirda qishloq xo‘jaligi sohasida “Uzgumi” bioo‘g‘itini qo‘llashni yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.