Oʻlimga tik boqqan burgutlar
...Ulardan biri Plis Nurpeysov edi. Urushda gʻolib boʻlish uchun dushman tarafning ojiz tomoni, maxfiy rejalari, jangovar tayyorgarligi boʻyicha maʼlumotlarni bilish zarur.
Gʻalabaning 75 yilligiga
...Ulardan biri Plis Nurpeysov edi. Urushda gʻolib boʻlish uchun dushman tarafning ojiz tomoni, maxfiy rejalari, jangovar tayyorgarligi boʻyicha maʼlumotlarni bilish zarur. Bu salkam gʻalaba demak. Buni esa tajribali va matonatli razvedkachilar taʼminlaydi.
Bu inson haqida yozishga koʻp harakat qilganman. Chunki u bolaligimning qahramoni... Otamning moʻjazgina kutubxonasida muqovasi yoʻq, ayrim varaqlari titilgan, “ozgʻingina” eski kitob bor edi. Kitobning nomi ham esimda yoʻq (balki muqovasi yirtilgani uchundir), ammo ichidagi har bir satri yodimda. Kitob qahramonimiz haqida edi. Yana otam u haqda toʻlqinlanib, jasoratini faxrlanib gapirardi. Singillarim bilan mohir razvedkachi haqida zoʻr kino koʻrgandek boʻlardik, ammo bu hayotiy voqealar ekanini kech angladim.
Ikkinchi jahon urushi gʻalabasiga katta hissa qoʻshgan, birinchi uchuvchi-razvedkachi, hatto nemis artilleriya qoʻshini qoʻmondoni “Qoʻlimga tushsa, uni oʻzim oʻldiraman!” degan xitobi Plis Nurpeysov mahoratiga berilgan yuksak baho edi, shubhasiz. Bu qahramon oldida oʻzimni ruhan qarzdordek his qilaman.
Chkalovga havas
Qoraqalpoq kengliklari, Taxtakoʻpir dalasida voyaga yetgan Kolgeldi ota qishloqning yoshi ulugʻ oqsoqollaridan. Uni hamma “Oq miltiq” derdi. Chunki u zuvalasi pishiq kishi boʻlib, qattiqqoʻl va haybatli edi. Nigohlari oʻtkir, salobatidan ot hurkardi. Qozoq xalqining kichik juzi shomekey urugʻidan boʻlgani uchunmi, ovulda barcha hurmat qilardi.
1919-yil qish fasli. Qish oʻzining “qiligʻi”ni koʻrsatayotgan payt, Kolgeldi ota oʻgʻilli boʻldi. Farzandiga ota-bobolari makon etgan Bilis koʻli sharafiga ismini Plis qoʻydi. Plis yoshligidanoq uchuvchilikka qiziqdi. U bu taqdiriga yozilgan sharafli kasb boʻlishini bilmasdi.
1933-yili Charjou shahridagi texnikumga oʻqishga kirdi va oʻqishni tamomlab, muallim boʻlib qishloqda dars bera boshladi. Ammo Moskvadan Vankuvergacha toʻxtamasdan uchgan uchuvchi Chkalovning jasorati haqidagi oʻylar unga tinchlik bermasdi. Chkalov uning uchun haqiqiy qahramon edi. Yoshlik va oʻjarlik oʻz kuchini koʻrsatdi, u muallimlikni tashlab, Melitopol harbiy aviatsiya bilim yurtiga imtihon topshirib, oʻqishga kirdi. Ammo oʻqishi yakuniga yetmay, 1939-yil Qizil Armiya safiga chaqirtirildi. Jang maydoni, urush olovini koʻrib, hayratga tushdi. Oʻlgan askarlar, qonga boʻyalgan tuproq, bir oyogʻi, qoʻli yoʻq yaradorlar... Urush shafqatsiz edi, u hech kimni ayamasdi. Plis safdoshlariga nisbatan ancha matonatli va jasur edi. U 1943-yil 2-Belarus fronti, 47-gvardiya alohida 4-aviatsiya razvedka polki kuzatuvchi-uchuvchisi boʻlib xizmat qildi. U qisqa muddat ichida jasorat koʻrsatib, malakali va ishonchli razvedkachilar safiga qoʻshildi va gvardiya katta leytenanti boʻldi.
Urushda harbiy harakatlanishning oʻz qoidalari bor. Qahramonimiz birinchilardan boʻlib dushmanning maxsus obyektlarini kunduzi va kechqurun razvedka qilishni boshlaydi. Kunduzi razvedka ishlarini olib borish bu oʻlimga tik boqishdir.
Nurpeysov Berlin, Dansik, Grinya ochiq osmonida oʻn martalab koʻrinish beradi, 8-marta Kyonigsberg, 6-marta Shtettinda oʻta ogʻir vaziyatlarda vazifasini aʼlo darajada uddalaydi. Shtabda uning katta hajmdagi ishlari hisobiga 148 ta aerodrom, 3 646 ta temir yoʻl esheloni, 1 735 ta zenit artileriyasi, 925 ta kema va turli xil obyektlar haqida dushmanning oʻta maxfiy maʼlumotlarini olishga muvaffaq boʻlinadi. U toʻplagan maʼlumotlar asosida dushmanga katta zarba beriladi.
Poʻlat tumshuqli burgut
1944-yil 10-martdan 1945-yil 1-aprelgacha polkda jangovar harakatlari davomida ekipaj qoʻshinlari zaxirasi va dushman qoʻshinlarini olib chiqish hamda temir yoʻl tizimlarini ishdan chiqarish, uzoq masofali harbiy hiylalardan foydalanish boʻyicha 106-marta missiyada qatnashadi. Kishi hech qayerda qoʻllanilmagan harbiy hiyla ishlatish uchun ancha zakovatli boʻlishi kerak. Nurpeysov esa dushman tarafning mudofaa chiziqlari boʻyicha shu qadar koʻp maxfiy maʼlumotlar olib keladiki, bunday vazifani bajarish sovet armiyasida hech qaysi razvedkachining qoʻlidan kelmagan. Safdoshlari uni “poʻlat tumshuqli burgut”, deb atashgan. U har qanday meteorologik sharoitlarda, bulutlar ustida, tagida ham samolyot navigatsiya texnikasini mukammal oʻzlashtirgan. Tu-2 va
“R” samolyotlarida topshiriqlarni mohirona ado etgan.
Zveno komandiri katta leytenant Konstantin Dunayevskiy, oʻqchi-radist katta serjant Sergey Kononov, havo oʻqchisi, mohir mergan Mixail Panfilov va qahramonimiz boshchiligidagi ushbu jamoa oʻta murakkab vaziyatlarda ham muvaffaqiyatga erishadi. Ammo urushda har doim ham omad kelavermaydi. Oʻlim har soniyada taʼqib qiladi.
1944-yil 15-may... Mogilovda boʻlgan razvedkada dushman qoʻshinlari ularni zenit oʻqlari bilan kutib oladi. Jamoa vahimaga tushmay, sovuqqonlik bilan vaziyatni qoʻlga oladi. Dushman ancha tajribali va imkoniyati koʻproq boʻlsa-da, ammo Nurpeysov ulardan koʻra chapdast edi. U “R” rusumli samolyot nishonini oʻzgartiradi, oʻzi esa parashyut bilan yerga sakraydi va vazifani quruqlikda bir oʻzi amalga oshirishga kirishadi. Bu jamoa aʼzolari uchun kutilmagan holat edi. Ammo komandirning soʻzi qonun. Ekipaj aʼzolari orqaga chekinishadi, Nurpeysov esa koʻrsatilgan obyektni rasmga olish, maʼlumot toʻplash uchun oldinga qadam bosardi. Iziga tushgan dushman askarlariga tuzoq qoʻyishga erishadi va ularni chalgʻitadi ham. Shunday qilib dushman qoʻshinining eng katta maxfiy bazasi haqida maʼlumot oladi. Bu Mogilovdagi gʻalaba uchun poydevor edi.
Parvoz. Oʻq yerdan “yogʻildi”...
Bobruyskda boʻlgan razvedkada ularni oʻqqa tutishadi. Qarshi tomonning zirhli texnikalari, oʻq yomgʻiri sabab belgilangan manzilga kirishning imkoni boʻlmaydi. Dushmanning snaryadi tegishi oqibatida samolyotning chap motori ishdan chiqadi, oʻqchi jarohat oladi. Ekipaj katta talafot koʻradi. Vaziyat ogʻir. Chap motorsiz samolyot, mergansiz jamoa. Bunday vaziyatda vazifani bajarish mushkul. Ammo Nurpeysov orqaga qaytmaydi. Oʻq yomgʻiri ustiga kirib borib, ikkinchi marta nishonni suratga olishga erishadi, koʻrsatmani toʻliq ado etib, aerodromga keladi.
1944-yil 7-sentyabrda navbatdagi razvedka paytida Ortelsburg tumani atrofida sovet samolyotini dushmanning 3 ta qiruvchi uchogʻi toʻsadi. Ekipaj aʼzolari maqsadiga erishib, belgilangan manzildan maʼlumotlar toʻplaydi, ammo samolyot yerdan va havodan yuborilgan oʻq yomgʻiri ostida butunlay ishdan chiqadi. Samolyot yerga qulaydi. Dushman artilleriyasi oʻqqa tutishda davom etardi. Plis esa oʻta sovuqqonlik bilan vaziyatni baholab, fotoapparat kassetalari va maxfiy maʼlumotlar qutisini olib qochishga erishadi.
Berlin osmonida birdan paydo boʻlgan dushman samolyotini koʻrib, nemis askarlari vahimaga tushadi. Ular uchun bu hududga kirish ilojsiz ish edi. Gitler armiyasining mudofaa chiziqlari, harbiy hiyla, ertangi jang, askarlar va texnikalar soni, tibbiy va taʼminot zaxirasi, shu singari koʻpgina maʼlumotlar endi rus komandirlari uchun maxfiy emasdi. Nurpeysov Berlinga boʻlgan parvozda katta yutuqqa erishdi! U dushman qoʻshinining barcha sirli maʼlumotlarini oshkor etdi. Yarim gʻalaba! Nemis artilleriya qoʻshini qoʻmondonining “Agar u qoʻlimga tushsa, oʻzim oʻldiraman. Menga tiriklay kerak. Uning chirigan tanasini oʻzi uchgan barcha hududga sochaman!” degan qahrli ovozi koʻp vaqt rus radiolarida “aylandi”.
“Zadaniye vыpolneno, idu domoy!”
Berlinni bosib olishga boʻlgan jangovar tayyorgarliklarda razvedkachilarning ishi koʻpaydi. Safdoshlarining biri Ivan Kodjerovning aytishicha oʻsha kunlar Nurpeysov uchun kun va tun, soat va soniya – hammasi ahamiyatsiz edi.
Qahramonimiz 1945-yil aprel oyigacha uchuvchi-razvedkachi boʻlib xizmat qiladi. 100 ga yaqin jangovar vazifalarni amalga oshiradi, shulardan oʻntasi kunduzgi razvedka ishlari edi.
23-aprel kuni toʻrtinchi marta Berlinga uchishga toʻgʻri keldi. Nurpeysov doimgidek shturvalni ishonch bilan changalladi. Vazifa oʻta ogʻir. Sovet armiyasining eng tajribali komandirlarigina bu operatsiyaga jalb qilingan. Ekipaj aʼzolari bu oddiy topshiriq emasligini yaxshi bilishardi. Hammaning yuzida allanechuk hayajon va qoʻrquv. Nurpeysov belgilagan manzilga bordi. “R” samolyotida obyektni rasmga olib, maʼlumotlarni qayd etdi. Shtab ratsiyasidan uning soʻnggi bor “Zadaniye vыpolneno, idi domoy!” – degan bildirgisi eshitildi. Tarix sahifalarida bu gʻalabaning ilk kuni sifatida qayd etilgan. Ha, Plis Nurpeysov vazifani aʼlo darajada bajargandi, ammo ortga qaytish nasib qilmadi.
***
1945-yil 18-avgust kuni sobiq SSSR Bosh shtab qoʻmondonligining maxsus buyrugʻiga asosan, jangovar vazifalarni namunali bajarish, dushman mudofaa obyektlarini aniqlash, mislsiz mardlik va dovyurakligi uchun gvardiya katta leytenanti Plis Nurpeysovga Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berildi. 2 ta “Qizil bayroq” medali bilan taqdirlandi. Kyonigsbergda byusti oʻrnatildi.
Qahramonimizning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Nukus shahridagi universitet binosiga memorial lavha qoʻyildi, Taxtakoʻpir tumanidagi maktabga uning nomi berildi. Gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan “Gʻalaba bogʻi”da Plis Nurpeysov siymosi aks ettirilgan haykal oʻrnatilmoqda.
U 26 yoshida boʻz yigit boʻlib, qahramonlarcha halok boʻldi. Uning mardonavor hayoti ibrat oʻlaroq qalblarimizda mangu!
Ayjamal JOLDASBAYEVA,
“Vatanparvar” gazetasi muxbiri.