Oʻgʻlonlar ilk oʻquv mashgʻulotida
Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugning “Nukus” poligonida joriy yil muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarga oʻqotar qurollar va jangovar texnikalar bilan koʻrgazmali jangovar oʻquv mashgʻulotlari namoyish etildi.
Vatan himoyasi – muqaddas burch
Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugning “Nukus” poligonida joriy yil muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarga oʻqotar qurollar va jangovar texnikalar bilan koʻrgazmali jangovar oʻquv mashgʻulotlari namoyish etildi. Bu damlarni koʻpdan beri orzu qilgan askarlar oʻsha kuni ilk amaliy mashgʻulot zavqini tuydi.
Karantin qoidalariga rioya etilgan holda oʻtkazilgan mashgʻulotlarni Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug koʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov ham bevosita kuzatdi.


Har bir qurol va harbiy texnikaning qoʻllanilishi, taktik-texnik tavsiflari hamda boshqa xususiyatlari, ulardan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etish haqida ishtirokchilarga batafsil maʼlumot berildi.
Taʼkidlash joizki, 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalarga muvofiq, milliy armiyamizni zamonaviy texnika va qurol-aslaha bilan taʼminlashga boʻlgan eʼtibor kuchaytirilmoqda. Shu bilan birga, malakali harbiy kadrlarni tayyorlash tizimi ham qayta koʻrib chiqilgani milliy armiyamizning jangovar qudrati va salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Qurolli Kuchlarimiz faoliyatining ochiq va oshkoraligini taʼminlashga qaratilgan qator tadbirlarning tashkil etilayotgani esa yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik, yurtga sadoqat va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida voyaga yetkazishda muhim ahamiyatga ega.
Dastlabki oʻquv nuqtasida motooʻqchi boʻlinmalari uchun moʻljallangan oʻqotar qurollardan nishonlarga qarata oʻq uzildi. Ikkinchi oʻquv nuqtasida artilleriya, zenit-raketa qurilmalari, jangovar mashina, zirhli transportyor va tanklardan nishonlarni aniq moʻljalga olib otilgan raketa va snaryadlar yoshlarning olqishiga sazovor boʻldi.


Koʻrgazmali mashgʻulotlardan soʻng muddatli harbiy xizmatchilar birinchi marotaba avtomatdan amaliy mashq bajardi. 100 va 200 metr uzoqlikdagi ikkita nishonni yakson etish yangi askarlarning amaliy mashgʻulotlarda merganlik mahorati va koʻnikmalarini mustahkamladi. Qurolni oʻq otishga hozirlash, uni notoʻliq qismlarga ajratish va yigʻish, oʻq-dorilarni oʻqdonga joylashtirish boʻyicha oʻquv nuqtalarida yoshlar bilimga chanqoq, harbiy koʻnikmalarni egallashga qiziqishi baland ekanini namoyish etdi.
– Jangovar texnika va qurol-aslahalarni puxta oʻrganishimiz yigitlik burchimizni toʻlaqonli va sadoqat bilan bajarishda qoʻl keladi, – deydi margʻilonlik oddiy askar Javohir Akbarxonov. – Harbiy texnika va qurollarga qiziqishim baland boʻlgani uchun bugungi koʻrgazmali oʻq otish mashqlarini zavq bilan tomosha qildim. Mana, armiyaga kelganimizga ham bir oydan oshdi. Oʻtgan vaqt mobaynida ofitser va serjantlardan koʻp narsani oʻrgandim.
“Vatanparvar” gazetasi muxbiri
Dilshod ROʻZIQULOV
OʻzA uchun maxsus tayyorladi.