Oʻgʻilni asragan belbogʻ
Hamqishlogʻimiz Aʼlamjon ota Ikkinchi jahon urushining soʻnggi ishtirokchilaridan biri edi.
Gʻalabaning 75 yilligiga
Hamqishlogʻimiz Aʼlamjon ota Ikkinchi jahon urushining soʻnggi ishtirokchilaridan biri edi. Odamlar boshiga ne-ne kulfatlar solgan, yeru koʻkni titratgan, butun boshli shaharlar, qishloqlarning kulini koʻkka sovurgan, million-million kishilarning yostigʻini quritgan urushning jamiki dahshatlariga guvoh bu otaxonning hikoyalarini tinglashning oʻzi azob edi.
Yosh Aʼlamjon urushga joʻnayotganida onasi oʻz qoʻli bilan tikkan gulli belbogʻni oʻgʻlining beliga mahkam bogʻlab, “Xudo xohlasa, shu belbogʻ seni balo-qazolardan asraydi, uni aslo yechma”, degan ekan. Onaning niyati ijobat boʻlib, Aʼlamjon necha bor oʻlim bilan yuzma-yuz keladi, shundoqqina yonginasida snaryad portlaydi, oʻqlar chiyillab uchadi, qon toʻkiladi, dushman samolyotlari hujumi ostida qoladi, yaralanadi, hushidan ketadi, olov kiyimlarini kuydiradi, jarohatlari azob beradi. Urush soʻngida, shoir aytganidek, oʻlimlarni dogʻda qoldirib, eson-omon uyiga qaytib keladi.
– Onamning soʻzlarini eslab, belbogʻni belimdan qoʻymas edim, – deya hikoyasini boshlar edi Aʼlamjon ota. – Bir yili qish oʻta qahrli keldi. Izgʻirin koʻzni ochirmaydi. Okopning ichi qorga toʻlgan. Muzlab qolish hech gap emas. Har ikki tomon bir-birini moʻljalga olib, hujum boshlash uchun qulay paytni poylaydi. Komandirlar sovuqdan qaltirayotganlarning ogʻziga majburan spirt quyishadi. Oʻsha qishdan oʻlmay chiqishimga shu belbogʻ sababchi boʻlgan desam, ishonaveringlar. Uni xuddi toʻn kabi yopinib, ikki uchini boʻynimdan, yana ikki uchini tizzalarim ostidan mahkam bogʻlab olardim-da, engashib oʻtirardim...
Aʼlamjon ota duoga qoʻlini ochsa, hamisha: “Ilohim u kunlar qaytib kelmasin, biz koʻrdik, qon kechdik, sizlar koʻrmanglar, tinchlik-xotirjamlik, toʻkinchilik boʻlsin, boshlaring toʻydan chiqmasin”, deguvchi edi. Odatda keksalar shunday duo qilishadi. Ammo Aʼlamjon ota “Biz koʻrdik, sizlar koʻrmanglar”, degan soʻzlarni boshqalardan koʻra taʼsirchan qilib, ichki bir iztirob bilan aytardi, koʻzlari yoshlanib, vujudini bilinar-bilinmas qaltiroq, hadik-xavotir egallaganday boʻlib soʻzlardi. “Eh, sizlar bilmaysizlar-da, ilohim bilmanglar, qancha-qancha odam juvonmarg boʻldi, jasadlari dala-dashtlarda qolib ketdi, gunohsiz, qarchigʻayday yigitlar, togʻni urib talqon qiladigan pahlavonlar-a”, der edi.
Har yili Xotira kunida Aʼlamjon otani yoshlar davrasiga chaqirishsa, urush xotiralarini aytib, oʻzi yigʻlardi, boshqalarni ham yigʻlatardi. Uning hikoyalarini tinglaganlar beixtiyor koʻzlariga yosh olishardi. “Yoʻq, biz yigʻladik, sizlar yigʻlamanglar, kulib-kulib yuringlar, yaxshi oʻqinglar, olim boʻlinglar, el-yurtning koriga yaranglar, biror kasbning etagidan tutinglar, boʻsh yurmanglar”, deya yoshlarga nasihat qilardi...
Yillar Ikkinchi jahon urushini bizdan nechogʻli uzoqlashtirmasin, uning maʼnaviy-jismoniy jarohatlari-yu, ogʻir judoliklaridan uzoqlashib boʻlmaydi. Urush boshlanishi bilan front hududlaridan mamlakatimizga koʻchirilgan 1 millionga yaqin jabrdiydalarni el-yurtimiz oʻzining qon-qardoshiday, goʻdaklarni farzandiday qabul qilgani, oxirgi bir burda nonini ular bilan baham koʻrgani, ota-onasidan, uy-joyidan ayrilgan norasidalarni bagʻriga bosib, boshpana berib, mislsiz mehr-muruvvat koʻrsatgani butun dunyoga ayon haqiqat. Har qaysi xalqning odamiyligi va maʼnaviy qadriyatlari, mehr-oqibat va olijanobligi ana shunday unutilmas damlarda yaqqol namoyon boʻladi. “Vaqt oʻtadi, zamonlar oʻtadi, – degan edi Islom Karimov, – lekin Vatan ozodligi va erkinligi, el-yurtimizning tinch va osuda hayotini himoya qilishda kurashib jon bergan oʻgʻlonlarining nomlari va xotirasi koʻpni koʻrgan, hech qachon yovuz dushman oldida bosh egmagan xalqimizning yodida umrbod, abadiy saqlanadi. Bu fazilat el-yurtimizning ezgu odatiga, qadriyatiga aylanib ketgan”.
Bu qirgʻinbarotning sovuq sharpasi kirib bormagan biror xonadonni topish qiyin. Shu boisdan ham Ikkinchi jahon urushi janggohlarida qurbon boʻlgan millionlab odamlar xotirasini yodga olish, bu qonli toʻqnashuvning bugun hayot boʻlgan, ammo saflari tobora siyraklashib borayotgan qatnashchilariga har tomonlama hurmat-ehtirom koʻrsatish yoshlar uchun muqaddas burchga aylanishi kerak. Ayniqsa, bugun – dunyo chayqalib, odamlarning tinch-totuv hayotini izdan chiqarish, xalqlar orasiga nifoq solish, birini ikkinchisiga gij-gijlash, boyliklariga koʻz olaytirish harakatlari davom etayotgan bir paytda, tinchlik, osoyishtalik, xotirjam hayot, musaffo osmonning qadri haqida yana-da koʻp va taʼsirchan gapirish, el-yurtni ogohlikka chaqirish, bugungi zavqli, tarovatli hayotimizni eʼzozlash, asrab-avaylashga daʼvat etish gʻoyat zarur. Bu ish mavsumiy boʻlmasligi, aksincha, taʼlim-tarbiya, targʻibot-tashviqot ishining markazida turmogʻi lozim.
Bugun yurtimizga kelayotgan mehmonu sayyohlar, rasmiy kishilar, ilmiy anjumanlarning ishtirokchilari mustaqil Oʻzbekistonning eng katta boyligi yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, turli millat vakillarining oʻzaro ahil-inoqligi, doʻst-qadrdonligi, bir-birlariga koʻrsatayotgan hurmat-ehtiromi ekanini alohida qayd etmoqdalar. Dunyo turli harbiy, iqtisodiy talotoʻplar bilan toʻlib-toshib, qanchadan-qancha begunoh odamlar urush harakatlari bois tugʻilib oʻsgan joylarini, bolalarining beshiklarini tashlab, koʻch-koʻronni yelkalab, boshqa joylarga ketishga majbur boʻlayotgan bir paytda, bunday tinch, barokatli, mehr-oqibatli joylarni borib koʻrish hissi kuchayadi. Odamlar mehnat qilib, ulkan rizq-roʻz xirmonlari yaratayotgan, halol mehnati samaralaridan bahramand boʻlib, yaratgan egamga shukronalar aytib yashayotgan, yana-da yorugʻ, farogʻatli kunlarni orzulayotgan, davlat odamlarning bu orzulariga har jihatdan peshvoz chiqayotgan, har bir fuqaro tili, millati, jinsi, diniy eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlgan, bu huquq va erkinliklar qonun yoʻli bilan himoyalangan mamlakatlar safida bugun Oʻzbekiston deb atalmish kelajagi buyuk davlat ham bor.
Bugungi kunda yaqin atroflarimizda va uzoq hududlarda ijtimoiy-siyosiy ziddiyatlar kuchayib, turli mojaro va qon toʻkishlar davom etayotgan, terrorizm, ekstremizm, odam savdosi va narkotrafik kabi illatlar xavfi keskinlashib borayotgan bir paytda bunday balo-qazolarni ostonamizga yaqinlashtirmaslik, yurtimizda hukm surayotgan millatlar va fuqarolararo hamjihatlikni saqlab qolish, “Bizga tinchlik va omonlik kerak” degan ezgu daʼvatga qatʼiyan amal qilishimiz zarur.
Taqdir taqozosi bilan uzoq yillar xorijda istiqomat qilgan, boshiga muhojirlikning adoqsiz azoblari, sarson-sargardonliklari tushgan, ona-yurt sogʻinchi vujudini tilkalagan vatandoshimiz Sobirjon ota oʻzi tugʻilib oʻsgan shaharga, kindik qoni toʻkilgan hovliga qaytib kelganida sodir boʻlgan bir voqea sira yodimdan chiqmaydi. Uning aytishicha, oʻzi kabi xorijda qolib ketgan kishilar Vatan haqida gap boshlandi deguncha, boshlaridagi eskirib, naqshlari uniqib ketgan doʻppini qoʻllariga olib, koʻkraklariga bosishar ekan. “Shu doʻppidan boshqa hech narsamiz yoʻq” deyishar ekan.
Sobirjon ota tugʻilib oʻsgan hovlilaridan sal nariroqdagi, bolaligida qoʻy-qoʻzi oʻtlatib yurgan, erta bahorda qor tagidan boychechak moʻralaydigan tepalikni tomosha qilgani borsa, odamlar uni kovlab, tuprogʻini mashinalarda uylariga tashiyotganmish. Jon holatda: “Hoy, toʻxtanglar, nima qilayapsizlar, axir bu tepalik oʻtmishning jonli guvohi, ota-bobolaringizning izi, koʻzi, oyoq izi tushgan joy-ku, buzmanglar”, deya shovqin koʻtarib, hammani hayron qoldiradi. Bu voqeani qadimshunos olimlarga aytib berganimda, ular mamlakatimizning janubiy hududlarida saqlanib qolgan tepalik, sardoba, koʻprik va boshqa imoratlar haqida benihoya qiziqarli, oʻrganish, xotirada saqlash, tadqiqotlar olib borishga arzirli maʼlumotlarni aytib berishdiki, mening ham hayratim oshdi, uyiga tuproq tashiyotgan hamqishloqlarining yoʻlini toʻsgan vatandoshimizning kuyunchakligini tushundim. Shoir aytganidek, Vatan bogʻining har yaprogʻi, soyining har toshi, dalasidagi xas-xashakkacha, oʻtlogʻidagi giyohidan to qadim bino peshtoqidagi sopol naqshgacha Vatan ekan. Moziyga taalluqli jamiki narsalarda Vatan ruhi, ajdodlar xotirasi mavjud boʻlarkan, ularni asramoq, avaylamoq biz – bugungi avlodlarning burchimiz ekan. Oʻtmishga hurmat koʻzi bilan qarasak, xalqimizning shu kunlargacha omon-eson yetib kelgan urf-odatlarini unutmasak, bu muqaddas boyliklarni yangicha maʼno-mohiyat bilan toʻldirib, boyitib, aziz farzandlarimiz, nabiralarimiz qalbiga, dunyoqarashiga, turmush tarziga singdirsak, ularni shu qutlugʻ ruhda tarbiyalasak, xalqning oʻtmishi, buguni va kelajagini oʻzaro tutashtirgan, el-yurtni yana-da farovonlikka eltuvchi maʼnaviy koʻpriklarni mustahkamlagan boʻlamiz.
Ahmadjon MELIBOYEV,
Respublika “Maʼrifat” targʻibotchilar
jamiyati aʼzosi, jurnalist.