Nyu-Yorkda o‘zbek diasporasi va shtat qonun chiqaruvchilari uchrashdi
AQSHning Nyu-York shahrida o‘zbek diasporasi yetakchilari, tadbirkorlar va jamoat faollarining shtat qonun chiqaruvchi organlari vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘inda Nyu-York shtati senatori Stiven Chan, shtat Assambleyasi a’zosi Mixail Novaxov, AQSH – O‘zbekiston tadbirkorlar uyushmasi, Xalqaro Turon federatsiyasi, “Vatan” jamiyati, O‘zbek – Amerika ishbilarmon ayollar uyushmasi va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari, shuningdek, vatandoshlar ishtirok etdi.
Muloqot davomida tadbirkorlikni rivojlantirish, biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash, jamoat xavfsizligi, ta’lim va o‘zbek madaniyatini keng targ‘ib etish masalalari muhokama qilindi.
Qo‘shma Shtatlar senatori Stiven Chan kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash, soliq yukini kamaytirish va mahalliy aholi muammolariga yechim topish ustuvor vazifalardan ekanini ta’kidladi.
Assambleya a’zosi Mixail Novaxov o‘zbek jamoasining shtat iqtisodiy va madaniy hayotiga qo‘shayotgan hissasini yuqori baholab, Olbani shahrida “O‘zbek madaniyati kunlari”ni o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi. Ushbu tadbir orqali milliy taomlar, raqs, tasviriy san’at va xalqimizning boy madaniy merosini keng jamoatchilikka tanishtirish taklif etildi.
Anjuman doirasida tadbirkorlik, ta’lim, madaniyat, sport va jamoat hayotiga hissa qo‘shib kelayotgan vatandoshlarimiz hamda tashkilotlar rahbarlari senator va Assambleya a’zolarining maxsus faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.
Tadbir AQSHdagi vatandoshlarimiz bilan mahalliy hokimiyat vakillari o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, tadbirkorlik va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qildi.
O‘zA