“Nurotaning nurli farzandi”ni o‘qib...
Prezidentimizning 2024-yilning 19-iyulidagi “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi qarori yillar davomida sir tutilgan haqiqatlarni yuzaga olib chiqilishiga imkon yaratdi.
O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi a’zosi, milliy va ma’naviy qadriyatlarimiz bo‘yicha qator kitoblar muallifi Suyundik Mustafo Nurotoiy Nurota tuprog‘ida tug‘ilib o‘sgan, o‘z zamonasining siyosiy yetuk vatanparvari, ishbilarmon va jasoratli, ammo, mustabid tuzum jabrini tortib, keksalik yoshida umri surgunlarda o‘tgan Tursunxo‘ja Eshon xo‘ja o‘g‘li - Eshoni Sudur haqida “Nurotaning nurli farzandi” nomli kitobini nashr etdi.
Kitobda 1928-1936-yillardagi birinchi, 1937-1938-yillardagi ikkinchi bora sho‘rolar tomonida tashkil etilgan mudhish qatag‘onlar to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Binobarin, bu siyosiy “o‘yinlar”da 2760 nurotalik qatag‘on qilingan. Ularning 178 nafarini ilmu diyonatli eshon, shayx, imom va mullolar hamda oila a’zolari tashkil etgan.
Kitobning ilk boblarida sovetlarning hokimiyat tepasiga kelishi, Turkiston xalqlarining milliy-ozodlik uchun harakatlari, 1918-1935-yillarda yurt ozodligi uchun kurashgan fidoyilar tarixi, savodli, ilmli, e’tiqodli, molu davlatli, ko‘pchilikka to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish salohiyati bo‘lgan qatlamning ta’qibga uchrashi, “Katta qirg‘in”, ya’ni, 1937-1938-yillardagi siyosiy qatag‘onlar, jumladan, ayollar va bolalar qatag‘onlari haqida hujjatli ma’lumotlar berilgan.
Kitob muallifi tomonidan keng qamrovli soxta hujjatlar, bo‘hton va yasama jinoyat ishi to‘plami chuqur o‘rganilib, Buxoroning so‘nggi amiri “Sudur” unvoni bilan siylagan chinakam vatanparvar va sovet bosqinchilariga qarshi kurashchi, Eshoni Sudur – Tursunxo‘ja Eshonxo‘janing (1872 - 1936) hayoti va qismati, qatag‘onlik azoblari ilmiy asosda bayon qilingan.
Kitob qahramonining Nurota shahri, Qo‘shrabot, Chuya hududlarida o‘zi va xalqi manfaatlari uchun tegirmon, juvozxonalar qurgani, yerlarni o‘zlashtirib, katta mulkdorga aylana borib, 1910-yillarda Tursunxo‘ja Buxoroning taniqli boylari safidan o‘rin olganligi, ayniqsa, Fayzulla Xo‘jayevning otasi - yirik qorako‘lchi savdogar Ubaydulloxo‘ja bilan hamkorlikda Buxoro, Samarqand, Orenburg, Peterburg, Afg‘oniston bozorlarigacha kirib borganligi hujjatlar asosida yoritilgan.
Ayniqsa, u Nurotaga kartoshka, pomidorning hosildor urug‘larini olib kelganligi, 100 tup balxi tut keltirgani, rus gilosi va akatsiya daraxtlari ekishni joriy etgani, o‘ndan ortiq noyob gullarning urug‘ini keltirgani, 1899-yilda birinchi bo‘lib, Nurotaga patefon olib kelganligi uning elparvar, fidoiy shaxs ekanligidan dalolatdir.
Kitobda 1937-1938-yillarda nurotalik 23 shaxsning qatag‘on qilingani va ularning taqdiri bilan tanishar ekansiz, Mustaqilligimizni ko‘z qorachig‘idek asrash har bir vatandoshimizning sharafli va muqaddas burchi ekanligini doim yodga soladi.
Xurshid Qurbonov,
Navoiy davlat universiteti dotsenti, tarix fanlari doktori