Nurotada qadimiy qurt tayyorlash an’anasi davom etmoqda
FOTOREPORTAJ
Navoiy viloyati Nurota tumani qishloqlarida asrlar davomida shakllangan qo‘lda qurt tayyorlash an’anasi bugun ham saqlanib kelmoqda. Tog‘ oldi hududlarida istiqomat qiluvchi aholi tomonidan tayyorlanadigan ushbu milliy mahsulot tabiiyligi va to‘yimliligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Ayniqsa, mahalliy aholi sigir va echki sutidan tayyorlanadigan qurtni nafaqat kundalik ozuqa, balki milliy qadriyat sifatida ham e’zozlaydi.
Bahor va yoz fasllarida tog‘ bag‘irlaridagi tabiiy o‘t-o‘lanlar bilan oziqlanadigan chorva mollaridan olinayotgan sutdan turli sut mahsulotlari, jumladan, qurt tayyorlanadi.
Qurt tayyorlash jarayoni bir necha bosqichdan iborat. Avvalo sut qaynatilib, qatiq qilinadi. Keyin maxsus usulda suzib olingan suzmaga tuz qo‘shilib, qo‘lda dumaloq shakl beriladi va soya-salqin joyda quritiladi.
Mahalliy aholining ta’kidlashicha, qurt qadimdan safar ozuqa sifatida qadrlangan. Uning uzoq vaqt saqlanishi, yengil va to‘yimliligi chorvadorlar va yo‘lovchilar uchun qulay ozuqa vazifasini o‘tagan.
[gallery-29610]
Bugungi kunda ham Nurota tumani qishloqlarida mehmon dasturxoniga qurt tortish hurmat belgisi hisoblanadi. Tabiiy mahsulotlarga bo‘lgan qiziqish ortib borayotgan bir paytda Nurota qurti o‘zining sofligi va milliyligi bilan ahamiyat kasb etmoqda.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA