Nurota kashtachiligi dunyo nigohida
Navoiy viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi tashabbusi bilan viloyat “Hunarmand” uyushmasi hamkorligida “Nurota kashtachiligi dunyo nigohida” mavzusida ko‘rgazma tashkil etildi.
Unda muzey fondida saqlanayotgan muzey eksponatlari bilan bir qatorda usta kashtado‘zlar tomonidan san’at asari darajasida tikilgan 300 dan ortiq kashta namunasi namoyish etildi.
– Qadimiy an’analarga ko‘ra, o‘zbek qizlari bo‘lajak kelinlik seplariga har xil kashtachilik buyumlarini o‘zlari tayyorlagan, – deydi muzey direktori Musallam Ibragimova. – Qizlarga 7-9 yoshidan boshlab kashta tikish o‘rgatilgan. Har bir oila o‘zi uchun so‘zana, dorpech, parda, belbog‘, takyapo‘sh (yostiq ustiga yopiladigan), do‘ppi, ko‘ylak, dastro‘mol, hamyon, joynamoz, sumka, nimcha va boshqalarni tikkan. O‘tmishda bu kashtalar oq va malla matolarga tikilgan bo‘lsa, keyinchalik satin, shoyi, baxmal matolariga ham tikish urf bo‘lgan.
Albatta, kashtachilik milliy hunarmandlik san’atining bir turidir. Unda nafislik, o‘tkir va yorqin ranglar aks etadi, naqshlar xilma-xilligi kishini to‘lqinlantiradi. Milliy kashtachilik va so‘zana san’atida o‘simliksimon va gullar tasviri tushirilgan naqsh kompozitsiyalari keng qo‘llaniladi, anor, anorgul, bodomgul singari naqshlar bardavomligini ta’minlashga e’tibor qaratiladi. Aytishlaricha, kashtalardagi anor, bodom shaklli naqshlar serfarzandlik, baxt, mehr-muhabbat, totuvlik ma’nolarini anglatadi.
[gallery-1505]
– Gullari va chokining nafisligi bilan ajralib turadigan kashtalarni tikish kishidan alohida zehn va sabr-toqat talab qiladi, – deydi “Hunarmand” uyushmasi Nurota tuman bo‘limi boshlig‘i Zarina Safarova. – Ilgari qizlar kelinlik uyini o‘zlari tikkan buyumlar bilan bezashi urf edi. Kashtalar qanchalik ko‘p, nafis va chiroyli, didli bo‘lsa, kelinchak ham o‘shancha hurmatga loyiq ko‘rilib, chevarligi maqtalgan. Ayni paytda tumanimizda “Ustoz-shogird” an’anasi keng yo‘lga qo‘yilgan. Har bir kashtado‘zning 10 tadan 100 nafargacha shogirdi bor. bugungi kunda nurotalik kashtado‘z ustalarning tikkan so‘zana, yostiq kabi mahsulotlari nafaqat yurtimizda, balki qator chet davlatlarda tashkil etilgan nufuzli ko‘rgazmalarda namoyish etilgan.
Ko‘rgazmada lobar qizlarimiz tomonidan kashtali liboslar, 20 dan ortiq usta-hunarmandlar qo‘l mehnati bilan tayyorlangan kulolchilik, sangtaroshlik, qo‘g‘irchoqchilik, duradgorlik, beshikchilik, zargarlik, do‘ppichilik va haykaltaroshlik kabi ijod namunalari mehmonlarda katta taassurot uyg‘otdi.
Tadbirda qadim Nurota kashtachiligi sir-asrorlarini chuqur o‘rganish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni kasb-hunarga qiziqtirish, qolaversa, ular orqali bu nafis hunarni avloddan-avlodga yetkazish maqsadida mahorat darslari tashkil etildi.
Ko‘rgazmada ijodkor hunarmandlar ishlariga yuqori baho berilib, ular tashkilotchilar tomonidan alohida rag‘batlantirildi.
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA