Nuroniylar tajribasi yoshlarga ibrat
Jonajon Vatanimizda xalqimiz farovonligini ta’minlash yo‘lida “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan, nuroiniylar yoshiga yosh, g‘ayratiga shijoat qo‘shayotgan islohotlar mohiyatida har bir kishini hayotdan rozi qilishdek ulug‘vor maqsad mujassam.
Ayniqsa, keksalarimizning jamiyatdagi mavqeini oshirish, ularning benazir murabbiy sifatidagi tajribalaridan yosh avlod o‘rtasida oqilona foydalanishga oid izchil davlat siyosati bugun butun yurtimiz, xususan, Namangan viloyatidagi 750 dan ortiq mahallalarda o‘z natijasini bermoqda. Bu jihatdan mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan joriy etilgan “Bir nuroniy – o‘n yoshga mas’ul” tamoyili asosida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar diqqatga molik.
Binobarin, Prezidentimizning 2022-yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi hamda 2023-yil 11-martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlarida nuroniylarning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, yoshlar tarbiyasida ularning boy hayotiy tajribasidan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratish belgilangan.
Ko‘rsatilayotgan e’zozu ehtirom nuroniy otaxonu onaxonlarni chin ma’noda faollikka chorlamoqda. Bugun piru badavlat kishilarimiz chin ma’noda tashabbuskor kuchga aylandi. Birgina o‘tgan 2025-yil avvalida Namangan viloyati bo‘yicha 2 ming 243 faol nuroniy 22 ming 430 uyushmagan yoshga biriktirilib, ularning sa’y-harakatlari samarasida bu yigit-qizlarning 19 ming 200 nafari yoki 85,6 foizini muammoli toifadan chiqarishga erishilgan. Shahar, tumanlar, chekka va olis qishloqlarda mavjud 1 ming 370 og‘ir oilaga bir nafardan nuroniy biriktirilib, tushuntirish natijasida ajrim yoqasidagi yoki boshqa muammosi mavjud 1364 oila mustahkamlandi.
– Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mahallalarda turli huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlarining oldini olish, hamjihatlik va ahillik muhitini yaratishda hayotning pastu baland sinovlarida toblangan qadrli mehnat faxriylarining xizmatlari katta, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Namangan viloyati bo‘limi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Ikromxon Najmiddinov. – Bu borada “Bir nuroniy – o‘n yoshga mas’ul” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlar ertamiz egalarining ta’lim-tarbiyasida kutilgan ijobiy natijani bermoqda. Bunda har bir mahallada “Keksalar maslahati” guruhi faollari o‘zlari yashab turgan hududda davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda olib borayotgan sa’y-harakatlari bilan tarbiyasi og‘ir, ma’naviy ko‘makka muhtoj, uyushmagan, ishsiz yoshlarning, ajrim yoqasida turgan yosh oilalarning muammolarini hal etayotgani quvonarlidir.
Darhaqiqat, yoshlar ta’lim-tarbiyasida alohida o‘rin tutadigan qariyalarni qadrlash, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida viloyat hokimligi, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi hamda bir qator saxovatpesha tashkilotlar tomonidan salmoqli ishlar olib borilmoqda.
Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda Namangan viloyatida istiqomat qilayotgan 336 mingdan ziyod keksalar, shu jumladan, 2 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchsi, 235 nafar front orti mehnat faxriysi, o‘zgalar parvarishiga muhtoj 1901 nafar keksaning salomatligini muhofaza qilish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Har bir shahar va tumanda keksalarning dam olishi, sport bilan shug‘ullanishi va kitob o‘qishi uchun “Nuroniylar maskani” barpo etilgan.
O‘tgan 2025-yil mobaynida 4 ming 700 dan ziyod ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda 64,7 mingdan ortiq nuroniylar va 127 mingdan ziyod yoshlar jalb etildi. Xususan, Respublikamiz bo‘ylab keng quloch yoygan “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlari mehnat jamoalari va mahallalarda 4 ming 200-marta tashkil etilib, unda 56,8 mingdan ortiq nuroniylar va 126,7 mingga yaqin yoshlar ishtirok etdi. Shahar, tumanlardagi uzoq yillar birga tinch-totuv yashab, tom ma’noda qo‘sha qarish saodatiga erishgan oilalar yoshlarga namuna etib ko‘rsatildi.
Viloyat bo‘yicha 144 ming 300dan ortiq keksalar ichki turizmga jalb etilib, yurtimizning diqqatga sazovor joylari, tarixiy obidalariga sayohatga yuborildi. Shuningdek, 117,9 mingdan ortiq katta avlod vakillariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilgan. Ularning 65,2 ming nafari bepul chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 8077 nafari dori-darmonlar, 39,5 ming nafari oziq-ovqat mahsulotlari, 1381 nafari esa reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlandi. 1 ming 283 nuroniy sihatgoh va sanatoriylarda maroqli dam olib, salomatligi mustahkamlandi.
Bunday e’tibor va g‘amxo‘rliklarga javoban jonkuyar nuroniylar jamiyat hayotida alohida jonbozlik ko‘rsatib kelishmoqda. Ijtimoiy sohadagi jarayonlar, davlat idoralari tomonidan zimmalariga yuklangan vazifalarni to‘laqonli bajarish, davlat dasturlarining ijrosi, maktablardagi davomat va dars jarayonlari, tomorqadan foydalanish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosi, bandlik kabi dolzarb masalalar ustidan 48,6 ming marta jamoatchilik nazorati o‘tkazilgan.
[gallery-28436]
E’tirof etish darkor, o‘tgan yilning dekabr oyida o‘tkazilgan “Bir nuroniy – o‘n yoshga mas’ul” tamoyili asosidagi respublika ko‘rik-tanloviga Namangan shahri mezbonlik qilib, tadbir ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Tadbirga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan barcha ishtirokchi va ularning jamoalari tanlovda bellashish asnosida Namangan viloyatining moddiy-madaniy meros ob’ektlari hamda mustaqillik davrida barpo qilingan zamonaviy inshootlari bo‘ylab tur-sayohatda ham bo‘lishdi.
Tanlovda Buxoro, Navoiy va Toshkent shahridan kelgan hamkasblarini ortda qoldirgan Namangan viloyatining Uychi tumanidagi “Bog‘ko‘cha” mahalla fuqarolar yig‘inining “Keksalar masalahati” guruhi rahbari, faxriy pedagog Saida Ubaydullayeva g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunda fidoyi nuroniylarning mehri, ishonchi bilan muammolari hal etilib, mustaqil hayotda o‘z o‘rnini topayotgan yoshlar, kelgusida jamiyatimizning chin ma’nodagi bunyodkorlariga aylanishadi. Zotan, nuroniylar bundan keyin ham Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lida olib borilayotgan islohotlar ijrosida hamisha kamarbasta bo‘lishadi..
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA