Nuroniylar tajribasi – yoshlarga ibrat (+video)
Azaldan, o‘sib kelayotgan yosh avlodni komil, yetuk, salohiyatli etib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratish va bu ezgu ishda katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan keksalarning o‘rni jamiyatda kattadir.
Bu borada O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi tashabbusi bilan hududlarda joriy etilgan “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyili ayni maqsadlarni o‘zida ifoda etayotganligi bilan ahamiyatli bo‘lib, kutilgan samarani bermoqda.
Namangan viloyati Uychi tumani madaniyat markazida tashkil etilgan “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichida o‘z hududlarida hayotiy tajribalarini tatbiq etib kelayotgan “Dehqonobod”, “Hizirobod”, “Bog‘ko‘cha”, “Qahramon” va “Yorkatay” mahalla fuqarolar yig‘inlarining keksalar maslahat guruhlari yetakchilari ishtirok etib, uchta shart asosida o‘z salohiyatlarini namoyon etdi.
– Keksalarni e’zozlash, ularga yuksak ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos qadriyatdir. Shu boisdan ham uzoq yillar samarali ishlagan mehnat faxriylarini yo‘qlash davlat va jamoat tashkilotlari uchun xayrli an’anaga aylangan. Tumanimizdagi mavjud ellikdan ortiq mahallalarda Prezidentimizning 2023 yil 11 martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga alohida ahamiyat qaratib kelinmoqda, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi raisi, tuman hokimining maslahatchisi, viloyat Kengashi deputati Tohirjon Ismatullayev. – Har bir mahallada ish faoliyat olib borayotgan keksalar maslahat guruhiga mas’ul nuroniylar mehnati e’tiborga olinib, mahalliy byudjet hisobidan ularga ish haqqi va mukofot pullari bilan rag‘batlantirilmoqda. E’tiborlisi shundaki, bundan ikki yil avval Qumtepa mahallasi nuroniylarining sarkori Ma’rufjon Yo‘ldoshevning ish faoliyati butun respublika bo‘yicha ommalashtirilib, Buxoroda o‘tkazilgan “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tanlovining final bosqichida g‘oliblar qatorida e’tirof etilgani tahsinga loyiq.
Darhaqiqat, mazkur tanlov keksalar va yosh o‘g‘il-qizlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ma’naviy-ma’rifiy tarbiya ishlarini kuchaytirish, nuroniylarning faolligini yanada oshirishga qaratilgani bilan muhim o‘rin tutadi. Shu ma’noda, mahallalarda ish olib borayotgan nuroniylar ertamiz egalarining nurli istiqbolini ta’minlashda qo‘shayotgan hissalari katta.
Shu nuqtai nazardan ham mazkur ko‘rik-tanlov mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlab, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ajrim yoqasida turgan yosh oilalar o‘rtasida totuvlik va ahillik muhitini yaratishga, yoshlarni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shgan nuroniylarni aniqlash va rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.
Tadbirni sinchkovlik bilan kuzatib borgan tuman hokimligi, tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi tuman bo‘limlari mutasaddilaridan iborat hakamlar hay’ati yosh avlod bilan ishlash tizimini samarali yo‘lga qo‘ygan nuroniylarning ishlarini munosib baholab bordi.
[gallery-25110]
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, “Bog‘ko‘cha” mahalla fuqarolar yig‘inining keksalar maslahati guruhi rahbari, faxriy pedagog Saida Ubaydullayeva g‘olib chiqib, viloyat bosqichida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Faxrli ikkinchi o‘rinni Yorkatay mahallasi vakilasi Malika Tojiboyeva qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘rin esa Hizirobod mahallasi keksalari yo‘lboshchisi Muborak Siddiqovaga nasib qildi.
Tadbirning tantanali taqdirlash marosimida xonandalar ijrosida kuy-qo‘shiqlar yangrab, tanlov g‘olib va sovrindorlariga “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi tomonidan diplom hamda pul mukofotlari topshirildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/4xwB9yNqOdY" title="Nuroniylar tajribasi – yoshlarga ibrat" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.