Nuroniylar hayoti yoshlar uchun maktabdir
“Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” respublika ko‘rik-tanlovining Samarqand viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov mahallalarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2023 yil
11 martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash, shuningdek, ma’naviy ko‘makka muhtoj yoshlar bilan ishlash, ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish, yoshlarni Vatanga muhabbat, ezgulik va rahmdillik ruhida tarbiyalashga, nuroniylarning yoshlar o‘rtasida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash borasidagi faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilganligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Tanlovda tuman va shahar bosqichlarida g‘olib deb topilgan 16 ishtirokchi o‘zaro bellashib, respublika bosqichida ishtirok etuvchi viloyat vakilini aniqlab olishdi.
[gallery-25603]
Uch shart, ya’ni tanishtiruv, "Yoshlar bizning kelajagimiz" – bunda "Bir nuroniy - o‘n yoshga mas’ul" loyihasi bo‘yicha qilingan ishlar taqdimoti va mavzu doirasida savol-javob shartlarida nuroniylar bellashdi.
Hakamlar hay’atining xulosasiga ko‘ra, tanlovning viloyat bosqichida Urgut tumanining "Yuqori Qayroqli" mahalla fuqarolar yig‘ini nuroniylar faoli Akram Suyunov g‘olib deb topildi.
Ikkinchi o‘rinni Qo‘shrabot tumanining Boyto‘p mahallasi nuroniylar faoli Norbobo Shakarov, uchinchi o‘rinni esa Kattaqo‘rg‘on shahar Qo‘shhovuz mahallasi nuroniylar faoli Saboat Nigmatova hamda Pastdarg‘om tumanining Hovuzak mahallasi nuroniylar faoli Azamat Ro‘ziqulov qo‘lga kiritdi.
– Ko‘rik-tanlovda qatnashganimdan xursandman va o‘z navbatida ulkan mas’uliyatni his qilyapman, – deydi viloyat bosqichi g‘olibi Akram Suyunov. – Davlatimiz rahbarining ushbu tashabbusi haqiqatda ham o‘ta muhim vazifa deb bilaman. Bugun yosh avlod tarbiyasi har qachongidan ham dolzarb bo‘lib bormoqda. Ularni to‘g‘ri yo‘lga solish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, kasb-korli, ishli qilishda nuroniylar tajribasi o‘ta muhim. Tanlov davomida ishtirokchilarning mazkur yo‘nalishdagi samarali ishlarini ko‘rib, o‘z faoliyatimdagi ijobiy natijalar nuroniylar zimmasida ulkan mas’uliyat borligini yana bir bor isbotladi, deb o‘ylayman. Bildirilgan ishonchni respublika bosqichida munosib oqlab, eng muhimi, kelgusi faoliyatimizda yanada mas’uliyat bilan ishlab, mahalla yoshlariga bosh bo‘lib, ezgu maqsadlarga yetaklaymiz.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari