Nurobodda “Anjirli” suv ombori quriladi
Bu haqda Samarqand viloyati matbuot uyida “Zarafshon” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Farxod Radjabov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytildi.
– Samarqand viloyatdagi suv iste’molchilarini kafolatli suv bilan ta’minlash, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlari, ulardagi inshootlarni doimiy soz holatda saqlash maqsadida davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 2021-2023 yillarda 76 irrigatsiya-melioratsiya ob’ektida qurilish va rekonstruksiya ishlarini olib borish uchun tumanlardan takliflar olindi – dedi F.Rajabov. – Jumladan, 2021 yilda suv yig‘ish hajmi 100 million m3 bo‘lgan “Bulung‘ur” suv ombori qurilish ishlari va Qo‘shrabotdagi “Oqchobsoy” suv omborining 2-bosqich (in’eksiya) qurilish ishlari yakunlanadi. Nurobod tumanidagi, suv yig‘ish hajmi 700 ming m3 bo‘lgan “Anjirli” suv ombori qurilishi boshlanadi.

“Bulung‘ur” suv omborining qurilishi bilan 21 ming 843 gektar, “Oqchobsoy” suv omboriniing ikkinchi bosqich qurilishi natijasida 855 gektar maydonning suv ta’minoti yaxshilanadi. “Anjirli” suv ombori esa 730 gektar yangi yer maydonini o‘zlashtirish imkoniyatini beradi.
2023 yilda umumiy suv yig‘ish hajmi 21,4 mln. m3 bo‘lgan “Choshtepa” va “G‘ijduvon” (Urgut tumanida), “Oqtepasoy” (Qo‘shrabot tumanida)suv ombori qurilish ishlari boshlanadi.
G‘.HASANOV, O‘zA