Nurafshonda tibbiyotning yangi zamonaviy maskani qad rostlaydi
Inson qadri, uning salomatligi va farovon hayotini ta’minlash Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Keyingi yillarda aholiga sifatli va zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish, kasalliklarni erta aniqlash va davolash imkoniyatlarini kengaytirish, yuqori texnologiyali tibbiy yordamni hududlarning o‘zida tashkil etish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Joylarda zamonaviy shifoxonalar, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va diagnostika muassasalari barpo etilayotgani ham bu yo‘nalishdagi islohotlarning amaliy samarasidir.

Xususan, Prezidentimizning joriy yil iyul oyida Toshkent viloyatiga tashrifi doirasida Nurafshon shahrida 700 o‘rinli ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga tamal toshi qo‘yilgani ham ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Qiymati 800 milliard so‘m bo‘lgan mazkur yirik loyiha viloyat tibbiyot salohiyatini yanada oshirish, aholiga yuqori malakali va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni hududning o‘zida ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Bugun Toshkent viloyatida 3 million 160 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Hududda 257 ta davlat va mingdan ortiq xususiy tibbiyot muassasasi faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, hududning kattaligi, aholi punktlarining tarqoq joylashgani va yuqori ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarning asosiy qismi Toshkent shahri hamda respublika darajasidagi tibbiyot muassasalarida jamlangani ayrim murakkab holatlarda bemorlarni uzoq masofaga yo‘naltirish zaruratini keltirib chiqarmoqda.
Ayniqsa, yurak-qon tomir kasalliklari, onkologik xastaliklar, transplantatsiya va boshqa murakkab jarrohlik amaliyotlariga ehtiyoj sezgan bemorlar uchun yuqori texnologiyali tibbiy yordamni aholi yashash joyiga yaqinlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda Toshkent viloyatidan 247 nafar bemor yuqori texnologiyali tibbiy amaliyotlarni o‘tkazish maqsadida respublika darajasidagi tibbiyot muassasalariga, 761 nafar bemor esa viloyat tibbiyot muassasalariga yuborilgan.

Nurafshonda barpo etiladigan yangi tibbiyot markazi ana shu ehtiyojlarni inobatga olgan holda tashkil etilmoqda. 10 gektar maydonda joylashadigan majmuada 700 ta statsionar o‘rin, shu jumladan, 105 ta reanimatsiya o‘rni tashkil etiladi. Shuningdek, bir kunda 800 nafargacha fuqaroni qabul qilish imkoniyatiga ega konsultativ-diagnostika poliklinikasi faoliyat yuritadi. Loyiha 2026–2028-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, majmua zamonaviy muhandislik yechimlari va xalqaro talablarga mos infratuzilma asosida quriladi.
– Yangi tibbiyot markazining asosiy afzalliklaridan biri bu yerda yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlarning keng qamrovda yo‘lga qo‘yilishidir, – deydi Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Arziqulov. – Xususan, kardiojarrohlik yo‘nalishida ochiq yurak operatsiyalari, yurak qopqoqlarini almashtirish, tug‘ma va orttirilgan yurak nuqsonlarini bartaraf etish kabi murakkab amaliyotlarni bajarish imkoniyati yaratiladi. Jumladan, qon-tomir jarrohligi bo‘limida endovaskulyar va ochiq usuldagi jarrohlik amaliyotlari, stentlash, arteriya va venalar kasalliklarini zamonaviy usullarda davolash xizmatlari ko‘rsatiladi. Markazning muhim yo‘nalishlaridan yana biri transplantatsiya xizmati bo‘ladi. Bu yerda buyrak va jigar transplantatsiyasi bo‘yicha murakkab jarrohlik amaliyotlarini tashkil etish uchun zarur infratuzilma yaratiladi. Torakal jarrohlik bo‘limida esa o‘pka, ko‘krak qafasi a’zolari va qizilo‘ngach bilan bog‘liq kasalliklarni yuqori texnologiyalar asosida davolash imkoniyati mavjud bo‘ladi.
Onkologiya va radiologiya xizmati ham markaz faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Bu yerda saraton kasalliklarini erta aniqlash, zamonaviy diagnostika, jarrohlik amaliyotlari, kimyo terapiyasi va nur terapiyasini kompleks tarzda tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Tibbiyot markazida tashxis qo‘yish jarayoni ham eng zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etiladi. Xususan, magnit-rezonans tomografiya, kompyuter tomografiyasi, angiografiya kabi yuqori aniqlikdagi diagnostik xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi. Bu bemorlarni kasallikning dastlabki bosqichida aniqlash, to‘g‘ri tashxis qo‘yish va davolash taktikasini belgilash imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Shuningdek, surunkali buyrak yetishmovchiligi bilan og‘rigan bemorlar uchun gemodializ xizmati tashkil etiladi.
Markazning faoliyati faqat davolash bilan cheklanib qolmaydi. Bu yerda ilmiy-amaliy yo‘nalishlarni rivojlantirish, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, malakali mutaxassislarni jalb qilish va tibbiyot xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish uchun ham zarur sharoitlar yaratiladi.

Muhimi, mazkur majmua Toshkent viloyatida yashovchi 900 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatish rejalashtirilgan. Bu yerda yiliga 15 mingtagacha yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotini bajarish, 40 ming nafardan ziyod bemorni statsionar sharoitida davolash imkoniyati yaratiladi. Bu raqamlar loyihaning ko‘lami va uning viloyat tibbiyot tizimidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi.
Loyiha bo‘yicha 3 ming 899 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Shifokorlar, o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari, laboratoriya mutaxassislari, muhandis-texnik kadrlar va xizmat ko‘rsatish sohasi vakillari uchun yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi. Bu esa birinchidan hududda aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilsa, ikkinchidan esa viloyat tibbiyot tizimi uchun yuqori malakali kadrlar bazasini shakllantirishga zamin yaratadi.
Markazning Nurafshon shahrida barpo etilishi unga yaqin hududlar aholisi uchun tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi. Ayniqsa, O‘rta Chirchiq tumani aholisi uchun loyihaning ahamiyati yuqori. Chunki hududda ko‘p tarmoqli yirik statsionar tibbiyot muassasasiga ehtiyoj mavjud. Yangi markaz ishga tushgach, tuman aholisi murakkab tashxis va yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari uchun uzoq hududlarga borish zaruratidan xalos bo‘ladi. Bundan tashqari, Bo‘ka, Piskent, Oqqo‘rg‘on, Bekobod tumanlari va Bekobod shahri aholisi uchun ham yuqori malakali tibbiy xizmatlarning hududiy jihatdan yaqinlashishi ta’minlanadi.
Natijada bemorlarning respublika darajasidagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalariga yuborilish holatlari kamayishi, kasalliklarni erta aniqlash va davolash ishlari samaradorligi oshishi kutilmoqda. Eng muhimi, ilgari respublika ixtisoslashtirilgan markazlariga murojaat qilishga majbur bo‘lgan ko‘plab bemorlar endilikda zarur yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlarni viloyatning o‘zida olish imkoniga ega bo‘ladi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yangi ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi viloyat sog‘liqni saqlash tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Zamonaviy diagnostika va davolash usullari, yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari, transplantatsiya, onkologiya, kardiojarrohlik va boshqa ixtisoslashtirilgan xizmatlarni bir majmuada jamlash orqali markaz nafaqat Toshkent viloyati, balki yaqin hududlar aholisi uchun ham muhim tibbiy maskanga aylanadi.
Zero, inson salomatligiga e’tibor jamiyat taraqqiyoti va xalq farovonligining muhim mezonidir.
A.Musayev, O‘zA