Nurafshon shahrida prezident maktabi quriladi
Toshkent viloyati hokimining qaroriga ko‘ra, joriy yil hududda ijtimoiy sohada bir qator ob’ektlar qurilishi, mukammal ta’mirlanishi rejalashtirilgan.
Xususan, zamonaviy maktablar, bog‘chalar, mahalla fuqarolar yig‘inlari idoralari, poliklinikalar shular jumlasiga kiritilgan.
Barcha viloyatlarda bo‘lgani kabi Nurafshon shahrida ham Prezident maktabi barpo etiladi. Ta’lim maskani zamonaviy me’morchilik asosida qurilib, barcha qulayliklarga ega bo‘ladi. Buning uchun davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 40 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Prezident maktabida o‘qitish jarayoni tabiiy fanlar, texnologiyalar, texnik ijodkorlik, can’at, matematika sohalarini chuqur ixtisoslashgan holda o‘qitishga asoslangan. Mashg‘ulotlar xalqaro “STEAM – ta’lim” dasturi asosida olib boriladi.
Ta’kidlash joizki, mazkur tashabbus tufayli maktabda iqtidorli bolalarni aniqlash, tanlash va o‘qitish, o‘quvchilarning intellektual, ilmiy va ijodiy salohiyatini ochib berishga alohida e’tibor qaratiladi.
A.MUSAEV, O‘zA