Nukusda yangi bog‘cha qurilmoqda
FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasida maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, bolalar uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Nukus shahridagi “Qizil qum” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 17-maktabgacha ta’lim tashkilotida qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.
Umumiy qiymati 7 milliard 127 million so‘m bo‘lgan loyiha “DEK STROY NUKUS” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilmoqda. Ayni paytda ikki qavatli, 180 o‘ringa mo‘ljallangan yangi bino qurilishi jadal sur’atlarda davom etmoqda.
[gallery-30688]
Qurilish maydonida qariyb 60 nafar ishchi mehnat qilmoqda. Bunda maxsus texnika va zamonaviy qurilish uskunalaridan samarali foydalanilmoqda. Qurilish ishlarini belgilangan muddatda va sifatli bajarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi bayrami arafasida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Yangi muassasa mahallada maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish va bolalar uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA