Nukusda “Kontent studiyasi” tashkil etildi
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filialida Xalqaro Migratsiya Tashkiloti (International Organisation of Migration) grant mablag‘i hisobidan tashkil etilgan “Kontent studiyasi”ning ochilish marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘larini (grantlarni) jalb etish va donorlar bilan ishlash markazi direktori K.Idirisov, filial direktori Q.Yusupov mamlakatimizda tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘lari, grantlarni jalb etish va donorlar bilan ishlash bo‘yicha qilinayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi. Shuningdek, madaniyat va san’at sohasida grant mablag‘larini yanada ko‘paytirishda filial jamoasi ishlariga yuqori baho berdi.

Shundan so‘ng, filialning Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i G.Ahmetova grant loyihasining asosiy maqsadi respublikadagi xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish, ularning mobilografiya, ijtimoiy tarmoqlarga video kontent tayyorlash bilim va tajribalarini oshirish ekanini qayd etdi. Ushbu ishlarga filial talaba-yoshlarini ham keng jalb etish bo‘yicha bir necha yaxshi tashabbuslar rejalashtirilayotgani ta’kidlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.