Nukusda “Ishga marhamat” monomarkazi ochildi
Nukus shahrida “Ishga marhamat” monomarkazining ochilish marosimi bo‘ldi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.Sariyev, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Husanov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi B.Alixonov va boshqalar mamlakatimizda mehnat bozorining samarali mexanizmlarini joriy qilish, kambag‘al va ishsiz fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish, shu asosda ularni doimiy daromad keltiradigan mehnat va tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish orqali bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 11 avgustdagi “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda “Ishga marhamat” monomarkazlari tashkil etilmoqda.
Nukus shahridagi oldingi kommunal-xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji binosining bir qismi qayta rekonstruksiyalanib, “Ishga marhamat” monomarkazi tashkil etildi. Bu yerda “Nukus agrosanoat qurilish-montaj” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan 10,5 milliard so‘mlik rekonstruksiya ishlari bajarildi. Markazning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun Jahon banki hisobidan 1,5 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilib, bugungi kunda bosqichma-bosqich jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur markazda ishsiz, band bo‘lmagan aholini 4 ta yo‘nalish bo‘yicha 19 ta kasb-hunarga va 3 ta xorijiy tilda o‘qitish tashkil etiladi. Jumladan, servis va xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha neyl-stilist, kosmetolog, ayollar sartaroshi, vizajist, erkaklar sartaroshi, tikuvchi, keytring xizmati (oshpaz, qandolatchi, servis xizmati), uqalovchi (bolalar uchun), batler-ofitsiant, texnik soha bo‘yicha santexnik, elektrik, maishiy uy ro‘zg‘or elektrotexnik buyumlarni ta’mirlash ustasi, payvandlovchi yuk ko‘taruvchi kran operatori, qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha issiqxona, gidroponika texnologiyasi, umumiy qurilish sohasi bo‘yicha gipsokartonga ishlov berish, g‘isht teruvchi, suvoqchi va bo‘yoqchi, xorijiy tillar bo‘yicha rus, ingliz, koreys tillari o‘rgatilmoqda.
Markazda qisqa muddatli o‘quv kurslarida o‘qish 1 oydan 4 oygacha davom etadi. Har bir kurs uchun belgilangan o‘qitish muddati va soatlar hajmi tegishli soha mutaxassislari, ish beruvchilar, “World Skills” standartlari, mehnat bozoridagi talab, taklif va ehtiyojlarni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan. Boshqa ta’lim tizimidan farqli o‘laroq, o‘quv mashg‘ulotlari 30 foiz nazariy va 70 foiz amaliy tarzda olib boriladi. Markaz bitiruvchilarining kasbiy malakasi “World Skills” standartlari asosida baholanib, undan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilarga mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda tan olingan “Skills pasporti” beriladi.
bugungi kunda markazda 180 nafar fuqaro 2 ta yo‘nalishda 9 ta kasb-hunar bo‘yicha tahsil olmoqda.
Tadbir ishtirokchilari markazda tinglovchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
[gallery-3242]
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA