Nukusda hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o‘tkazildi
Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Elektron kooperatsiya portali hamkorligida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 26 martdagi “2022 yilda hududiy va respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkalarini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘tkazilgan tadbirda mamlakatimizning barcha hududlaridan sanoat va ishlab chiqarish korxonalari o‘z mahsulot va xizmatlari bilan ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyot tizimini liberallashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, qulay investitsiya sharoitlarini yaratish, sanoat tuzilmasini diversifikatsiya qilish, eksportni qo‘llab-quvvatlash, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yanada kengaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga aylandi.
Davlatimiz rahbari mamlakatimizning innovatsion salohiyatidan yanada samarali foydalanish hamda tadbirkorlar o‘rtasida, eng avvalo, yuqori texnologiyalar sohasida sanoat kooperatsiyasini amalga oshirishning yangi shakllarini rivojlantirish tashabbusini ilgari surdi.
Hududiy sanoat yarmarkasida Qoraqalpog‘iston, shuningdek viloyatlardan tashrif buyurgan sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 200 dan ziyod korxona o‘zlarining mingga yaqin mahsulot namunalari, o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar, sanoat kooperatsiyasi orqali mahalliylashtirishga taklif qilinayotgan mahsulot turlari, istiqbolli loyihalari bilan ishtirok etmoqda.
[gallery-8536]
Qoraqalpog‘iston Respublikasida sanoatni jadal rivojlantirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, importni optimallashtirish borasida e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Qoraqalpog‘istonda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yili 16,6 trillion so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 107,4 foizni tashkil etdi. Joriy yilda esa 18,3 trillion so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.
bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 180 dan ziyod xorijiy investitsiya ishtirokidagi hamda 3400 ga yaqin sanoat korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Hududda asosiy rivojlangan sohalar – bu neft-kimyo, yengil, oziq-ovqat, qurilish materiallari hamda farmatsevtika sanoati hisoblanadi.
– Yarmarkani tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad, ishlab chiqaruvchilar va davlat buyurtmachilari o‘rtasida sanoat kooperatsiya aloqalarini oshirish, yirik korxonalarning kichik va o‘rta biznes vakillari o‘rtasidagi uzoq muddatli aloqalarni yo‘lga qo‘yishdan iborat, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Raqamli transformatsiya markazi yetakchi mutaxassisi Og‘abek Eshchanov. – Shuningdek elektron kooperatsiya portali orqali ishlab chiqarilayotgan mahalliy mahsulotlarni xarid qilish hamda butlovchi qismlar, materiallar va xom-ashyolarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirish yuzasidan hamkorlik memorandumlari imzolandi. bugungi kungacha o‘tkazilgan 8 ta hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi davomida umumiy qiymati 2,4 trillion so‘mlik 5159 ta shartnoma va 200 milliard so‘mlikdan ziyod 248 ta memorandum imzolandi.
Ikki kun davomida sanoat mahsulotlari ko‘rgazmalari, elektron kooperatsiya birjasi portali faoliyati, sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash, kichik biznes sub’ektlarini sanoat faoliyatiga keng jalb qilish, investitsion imkoniyatlar, tadbirkorlikni rivojlantirish, tarmoq va hududlarda sanoat salohiyatini oshirishga qaratilgan taqdimotlar, V2V uchrashuvlar kabi tadbirlar o‘tkazildi.
Yarmarka yakunida faol ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA