Nukusda askarlar ijod ahli bilan uchrashdi
18 dekabr kuni “Vatanparvarlik oyligi” doirasida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limida Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, rassom Abdulla Rajabov bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Vatanparvarlik oyligi
Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati O‘zAga ma’lum qildi.
Uchrashuvda Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birida xizmat burchini o‘tayotgan muddatli harbiy xizmatchilar ham ishtirok etdi.


Abdulla Rajabov askarlarni yaqinlashib kelayotgan Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy qutladi. Rassom bilan kechgan suhbat askarlarga ijod olamining rang-barang sahifalarini ochib berdi. Ko‘rgazmalar saroyida namoyishga qo‘yilgan “Oltin kuz” nomli ko‘rgazmaning ekspozitsiyasidan o‘rin olgan asarlar orasida Abdulla Rajabovning ijod namunalari yoshlarda iliq taassurot qoldirdi.
– Farg‘ona shahridagi san’at kollejida tahsil olganman, – dedi tadbir ishtirokchisi, oddiy askar Farrux Nabiyev. – Abdulla Rajabovning asarlari ezgulik, poklik bilan sug‘orilgan. O‘z milliy madaniyati va urf-odatlarini matoga ko‘chirib, uni dunyoga tanitmoqlikni vatanparvarlikning namunasi, deb bilaman.


O‘zA