Nukus shahridagi ko‘p qavatli uylar qish mavsumiga shay qilib qo‘yildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha tizimlarining qish mavsumida uzluksiz faoliyatini ta’minlashga puxta hozirlik ko‘rildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha tizimlarining qish mavsumida uzluksiz faoliyatini ta’minlashga puxta hozirlik ko‘rildi.Aholi turar joylarini mavsumga tayyorlash, ko‘p qavatli uylarning kommunal xo‘jaligi tizimini ta’mirlash ishlariga alohida e’tibor qaratildi.
Uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan Nukus shahridagi ko‘p qavatli uylarning tomi, kirish yo‘laklari, yerto‘la va oqova suv tarmoqlari, isitish tizimi ta’mirlanib, qish mavsumiga shay qilib qo‘yildi. Bu ishlarning yuqori sifatli va o‘z muddatida amalga oshirilishida tijorat banklari tomonidan ajratilgan 5,6 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari qo‘l keldi.
Shaharning 22-“Temiryo‘l” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi “Nukus-Doniyor servis” uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan ham mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rildi.
– Bankdan berilgan to‘qqiz foizli imtiyozli kredit hisobiga rejalashtirgan ta’mirlash ishlarimiz bekamu-ko‘st bajarildi, – deydi shirkat rahbari Doniyor Abdumurodov. – Ko‘p qavatli uylarga boruvchi ichki yo‘llar yangilandi. To‘rtta uyning kirish yo‘laklari, fasad qismi ta’mirlandi, yerto‘ladagi isitish, vodoprovod, oqova suv quvurlari yangisiga almashtirildi.