Noto‘g‘ri ma’lumot tushunmovchiliklarga sabab bo‘ladi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, vazirlik rahbari lavozimi “vakant” holatida ko‘rsatilgani haqidagi xabarlar bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.
Unda qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda keltirilgan ma’lumotlar vazirlikning avvalgi, ayni paytda ish olib bormayotgan veb-saytida joylashtirilgan ma’lumotlarga asoslangan. Mazkur veb-saytdagi ma’lumotlar o‘z vaqtida yangilanmagani bugungi kunda vazirlikning amaldagi axborot resurslari faoliyatini aks ettirmaydi.
Hozirgi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining amaldagi rasmiy veb-saytida https://kkbilim.uz/ sohaga oid barcha muhim ma’lumotlar, jumladan, bo‘sh ish o‘rinlari (vakansiyalar), yangiliklar va boshqa rasmiy xabarlar muntazam ravishda yoritib borilmoqda.
Shuningdek, vazirlik tizimidagi rahbar lavozimlariga oid rasmiy ma’lumotlar ham belgilangan tartibda e’lon qilib kelinmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimi amalda vakant emas, bu lavozimga rahbar tayinlangan va o‘zining xizmat vazifasini bajarib kelmoqda.
Jamoatchilikni davlat organlari faoliyatiga oid ma’lumotlarni tarqatishda faqat rasmiy va ishonchli manbalarga tayanishga chaqiramiz. Noto‘g‘ri ma’lumotlarning tarqalishi aholi o‘rtasida asossiz tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Qayd etish joizki, vazirlikning rasmiy Telegram kanalida e’lon qilinayotgan har bir post ostida vazirlikning rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari havolalari muntazam ravishda ko‘rsatib o‘tiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri