“Notariuslardan huquqiy bilimlar” aksiyasiga start berildi
Yurtimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan mazkur ikki kunlik huquqiy-ijtimoiy aksiya davomida 100 dan ortiq notarius respublikamiz hududlarida joylashgan harbiy qismlarda harbiy xizmatchilar va ularning oilalariga bepul huquqiy maslahatlar beradilar.
Xususan, bugun erta tonglar Qarshi shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy aviatsiya institutida uchrashuv bo‘lib o‘tdi: kursantlar va institut xodimlari notariuslar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qildilar.

Aksiya O‘zbekiston Notarial palatasi va Mudofaa vazirligi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida tashkil etildi.

Uchrashuvda viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Jo‘ra Xudoyberdiyev, xususiy notariuslar — Ulug‘bek Turdiyev, Asror Begimov, Akmal O‘rinov va Ramizjon Xonqulovlvr ishtirok etdilar.

Harbiylar hujjatlarni rasmiylashtirishdan tortib kundalik hayotda huquqlarni himoya qilishgacha bo‘lgan turli mavzularda savollar bilan murojaat qilishdi. Notariuslar esa ularga batafsil javob berib, amaliy maslahatlar berdilar. — Bunday uchrashuvlar faqat xizmat paytidagina emas, balki oilaviy yoki turmushda yuzaga keladigan muammolarni hal etishda ham foydalidir, — deya ta’kidladi so‘z olganlar.

Aksiya mamlakat bo‘ylab davom etmoqda.
O‘zA