Notariuslar qonun doirasidan tashqariga chiqa olmaydi
Qonun doirasidan chetga chiqqani uchun javobgarlik yoki qonunni buzgani uchun jazolash holatlari aynan qonunni qo‘llaydigan tuzilmalar xodimlari ichida ko‘proq edi.
Jamiyatda ochiqlik, shaffoflik tizimi doirasi kengayib borar ekan, qonundan chetga chiqish eshiklari birin-ketin yopilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Masalan, bundan bir-ikki yil oldin odamlar notariuslar huzuriga borishga bezib qolgan edi. Uzundan-uzoq navbatlardan keyin bir amallab notarius huzuriga kirsangiz, sizni balki o‘ziga bino qo‘ygan, ortiqcha hujjat so‘ragani yetmaganday, bemalol ortiqcha pul undiradigan xodimlar qarshi olardi.
Notariat sohasidagi bunday qing‘irliklarga qarshi uzluksiz kurash olib borildi. Adliya vazirligi tomonidan “Notarius” elektron tizimi amaliyotga joriy etilganidan keyin sohada qonun doirasidan chetga chiqish eshiklari deyarli yopildi.
“Notarius” axborot tizimida notariusning barcha harakatlari yaqqol aks etadi. Qaysi notarial harakat uchun qancha pul to‘lash aniq va bu ham nazorat qilib boriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Notariuslar palatasi tashkil etilganining bir yilligi munosabati bilan tashkil etilgan matbuot anjumanida shular haqida fikr yuritildi.
Palata raisi Dilshod Ashurov jurnalist va blogerlarga sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
O‘zbekistonda ayni paytda mingga yaqin notarius faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning asosiy qismini xususiy notariuslar tashkil etadi.
Hozirgi kunda notarial harakatlar uchun to‘lovlarni avtomatik tarzda hisoblash va elektron to‘lovlarni o‘tkazish, ularni tasdiqlovchi xabarlar yuborish hamda idoralararo elektron axborot almashish yo‘lga qo‘yilgani tizimda haqqoniy faoliyatga yo‘l ochdi. Notarial harakatlarning axborot tizimida majburiy qayd etilishi va hujjatga takrorlanmaydigan maxsus raqam berilishi suiiste’molchiliklarning oldini olmoqda.
2020 yilda xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar tomonidan 3 million 325 ming 781 ta notarial harakat amalga oshirilgan.
Pandemiya sharoitida notariuslar fuqarolar bilan ko‘proq onlayn muloqotni yo‘lga qo‘ydi. Odamlarni qiziqtirayotgan, qiynayotgan savollarga ijtimoiy tarmoqlar orqali javob berish amaliyoti tashkil etildi.
Bir so‘z bilan aytganda, davlat nomidan ish olib boruvchi ushbu tuzilma tom ma’noda xalqchillashtirildi.
Biroq odamlarda tizimdagi yangiliklar, ayrim notarial harakatlarning huquqiy oqibatlari haqida hali yetarlicha tushuncha yo‘q. Masalan, ishonchnoma asosida mulkni tasarruf etish yurtdoshlarimiz orasida juda keng tarqalgan. Avtotransport vositasini “mutloq ishonchnoma”ga ko‘ra sotib olish holatlari kundan-kunga ko‘paymoqda. Vaholanki, har qanday ishonchnoma mulk huquqini bera olmaydi.
Tadbirda aynan shu kabi jihatlarni aholiga tushuntirish, notariuslar faoliyatini ommaviy axborot vositalarida kengroq yoritish zarurati xususida fikr-mulohaza, takliflar bildirildi.
Norgul Abduraimova, O‘zA