Noshirlik faoliyati takomillashmoqda
Samarqand shahrida “Noshirlik faoliyati sohasidagi huquqiy asoslarni takomillashtirish” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Samarqand shahrida “Noshirlik faoliyati sohasidagi huquqiy asoslarni takomillashtirish” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda parlament quyi palatasi deputatlari, noshirlik va matbaa sohasi xodimlari, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
– 2019-yil 6-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda muhokama qilindi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Sharafutdinov. – Qonun loyihasini yanada takomillashtirish, bu borada soha vakillari bilan oʻzaro fikr almashish maqsadida Samarqandda mazkur davra suhbati uyushtirildi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki, ayni paytda amalda boʻlgan “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunni yangi tahrirda qabul qilish boʻyicha aynan samarqandlik noshirlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari tomonidan muhim takliflar bildirilgan edi. Bu gal ham oʻsha suhbatlar davom etdi.
Davra suhbati qatnashchilari kitob va boshqa bosma mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va savodxonlik madaniyatini yuksaltirishga koʻmaklashuvchi soha faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi yuzasidan oʻz taklif va mulohazalarini bildirdi.