Norov Qirg‘iziston elchisi bilan uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vladimir Norov Qirg‘iz Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Musa Jamanbayevni qabul qildi.
Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ishonch yorlig‘i nusxasini qabul qilar ekan, V.Norov Elchini mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va diplomatik missiyasini amalga oshirishda muvaffaqiyat tiladi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Qirg‘iziston yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, energetika va madaniy-gumanitar sohalarda aloqani yanada jadallashtirishga tayyorligi ta’kidlandi.
Ilgari erishilgan kelishuvlar ijrosi, shuningdek, oliy, yuqori va mintaqalararo darajalardagi bo‘lajak tadbirlar jadvali ko‘rib chiqildi.
BMT, MDH, SHHT, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
O‘zA