Norinda “Dolzarb 90 kunlik” doirasida yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar o‘rganildi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari ishtirokidagi Yoshlar kuni tadbirlari bu gal Norin tumanida tashkil etildi.
Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi barcha umumta’lim maktablarida yozgi ta’til davrida “Dolzarb 90 kunlik” dasturi doirasida keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish, iqtidor va qobiliyatlarini rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan madaniy-ma’rifiy, sport va kasbga yo‘naltirish tadbirlari muntazam o‘tkazilmoqda.
[gallery-30229]
Xususan, 4 ta umumta’lim maktabida tashkil etilgan kunduzgi oromgohlarda 15 turdagi tadbirlar yo‘lga qo‘yilib, ularga 600 nafar o‘quvchi jalb etilgan.
Yoshlar kuni doirasida Uchtepa mahallasida joylashgan 42-umumta’lim maktabida “Dolzarb 90 kunlik” dasturi asosida amalga oshirilayotgan ishlar viloyat hokimi tomonidan o‘rganildi.
Mazkur ta’lim muassasasida ayni paytda 200 nafardan ziyod o‘g‘il-qiz madaniyat, adabiyot, tasviriy san’at, sport hamda xorijiy til yo‘nalishidagi to‘garaklarga qatnashib, yozgi ta’tilni mazmunli o‘tkazmoqda.
Viloyat rahbari yoshlar bilan suhbatlashib, ularning kelajak rejalari va orzu-intilishlari bilan qiziqdi. Shuningdek, axborot texnologiyalari sohasida izlanish olib borayotgan yoshlarning yangi loyihalari bilan tanishdi. Bir qator yutuqlarga erishayotgan iqtidorli yoshlar rag‘batlantirildi.
Bunday tadbirlar yosh avlodning har tomonlama barkamol, bilimli va vatanparvar bo‘lib kamol topishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA