Noqonuniy qurilmalarga qarshi nazorat kuchaymoqda
Nurafshon shahrida “Toshkent viloyatida yerlarning o‘zboshimcha egallanishi, noqonuniy qurilmalarning ortishi va ularga nisbatan ko‘rilayotgan choralar” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Toshkent viloyati hokimligi va Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda o‘tgan 6 oy davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi. Xususan, o‘tkazilgan yer va kadastr nazorati sohasida jami 2 ming 228 holatda 304 gektarda huquqbuzarlik holatlari aniqlangan.

– Yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish va noqonuniy qurilmalar qurib olish holatlarini bartaraf etish yuzasidan 1 ming 187 ta holatda, 99,2 gektarda boshqarma tomonidan sudlarga da’vo arizalari kiritildi, – deydi Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Rustam Payziyev. – Shuningdek, monitoringlar davomida yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun murojaat qilmaslik holatlari ham aniqlanmoqda. Yerlardan maqsadsiz foydalanish holati bo‘yicha hokimliklarga taqdimnomalar kiritilib, yer maydonlari davlat zaxirasiga qaytarilishi ta’minlandi.

Joriy yilning 1-choragida yer nazoratini amalga oshiruvchi mutaxassislar maxsus planshet va bodi kameralar bilan ta’minlandi. Natijada bugungi kunda aniqlangan yer qonun buzilish holati uni bartaraf qilgungacha jarayon bevosita real vaqt rejimida ortiqcha qog‘ozbozliklarsiz amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, ayni kunlarda yer nazorati tadbirlarida dronlar amaliyoti shahar yoki olis qishloqda, tog‘li hudud yo keng adirlikda yerdan qanday foydalanilayotgani, turli maqsadlarda o‘zboshimchalik bilan egallab olinayotganlik holatlarini aniqlashda o‘z samarasini bermoqda.

Bugungi kunda viloyat yerlarining elektron xaritasini yaratish va ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, jami 1 million 514 gektar yer maydonlarini “YeR-HISOBOT AAT” tizimiga kiritish ishlari amalga oshirilmoqda. Anjumanda jurnalistlar joylardagi kadastr sohasiga oid holatlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
A.Musayev,O‘zA.