Noqonuniy mahsulotlar savdosiga yo‘l yo‘q
Respublikamiz bojxonachilari tomonidan tovar-moddiy boyliklarni yurtimizga turli yashirin yo‘llar bilan olib kirishga va to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona to‘lovlarini davlat byudjetiga to‘lamaslikka bo‘lgan urinishlar o‘z vaqtida bartaraf etilmoqda.
Jumladan, Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi va DBQ Kontrabandaga qarshi kurashish bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida Toshkent viloyati IIB YHXB xodimlarini jalb etgan holda tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy aylanuviga qarshi kurashish borasida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tezkor tadbir davomida oldindan tezkor kuzatuvga olingan, Farg‘ona-Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan fuqaro M.M. boshqaruvidagi “Isuzu” rusumli yuk avtotransport vositasi Toshkent viloyati hududidagi YPX maskanida to‘xtatilib, ushbu avtotransport vositasining yukxonasi xolislar ishtirokida o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirilgan. Unda xorijda ishlab chiqarilgan va bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganligini tasdiqlovchi hech qanday hujjatlari bo‘lmagan dastlabki qiymati 621 million so‘mlik 7 turdagi ayollar va erkaklar kiyim-kechaklari hamda matolar borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan bojxona surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Sh.Suyarov, O‘zA.